AQSh razvedkasi “Islomiy davlat” haqida ogohlantirganmidi?

  • Amerika Ovozi

“Islomiy davlat” jangari guruhi Suriyadan Iroqqa o’tib, shiddat bilan katta hududlarni bosib olgani ko’p davlatlarni sarosimaga solib qo’ydi.

Hatto prezident Obama razvedka qo’lida bu guruh haqida yetarli ma’lumot bo’lmaganini tan olgan. Ekspertlar nazarida, bu tizimda chuqur muammolar borligidan darak.

Suriya va Turkiya chegarasida joylashgan Kobani shahri ustidan xalqaro koalitsiya samolyotlari uchib o’tib, “Islomiy davlat” pozitsiyalarini o’qqa tutayapti.

Peshmerga deya atalmish kurd jangchilari Zumar va Jurf al-Sahar shaharlaridan jihodchilarni haydab chiqarishga muvaffaq bo’ldi.

Ammo Iroqning boshqa qismlari, Bag’dod shimolidagi hududlar hamon jangarilar nazoratida.

“Ular yaqinlashayotgani haqida eshitdik. Ko’plab oilalar uy-joyini tashlab qochdi”, - deydi bir fuqaro.

“Islomiy davlat” al-Qoidadan ham ko’ra kuchliroq deb tasvirlanar ekan, nega AQSh razvedka xizmatlari behisob resurslari bilan guruh shu darajada kuchga to’lishini bashorat qila olmadi?

Markaziy razvedka boshqarmasida ishlagan Mark Gerext fikricha, bu haqda ma’lumotlar bo’lgan. Ular oshkor etilmagani siyosat bilan bog’liq, deydi u.

“Gumonim shuki, razvedkaning ilg’or ekspertlari qog’ozga tushirgan satrlar prezidentning oldingi bayonotlari bilan hamohang bo’lmagan”, - deydi suhbatdosh.

Ogohlantirishlarni nazarga ilmagan faqatgina Obama ma’muriyati emas. Aksilterrorizm bo’yicha mutaxassis Brayan Fishman AQSh qo’shinlari Iroqni tark etgan yillarni yodga oladi.

“Ochig’ini aytganda, respublikachilar ham, Iroq kampaniyasida yetakchi rol o’ynagan harbiylar ham g’alabani e’lon qilishga shoshdi. Missiya muvaffaqiyatli yakunlandi deb hisobot berish muhimroq edi o’sha davrda”, - deydi u.

O’zini “Islomiy davlat” deb nomlagan jihodchilar tahdid manbaiga aylanayotgani haqida tahlillar tayyorlangan, lekin e’tibordan chetda qolgan. Masalan, yil boshida harbiy razvedka agentligi rahbari general-leytenant Maykl Flinn “guruh o’z kuchini namoyish etish uchun Iroq va Suriyada ayrim hududlarni bosib olishi mumkin” deb bashorat qilgan edi.

Oradan olti oy o’tib bu haqda so’ralganida Barak Obama “Islomiy davlat” qisqa vaqt ichida qo’lga kiritgan yutuqlarni na AQSh, na boshqa davlatlarning razvedka tizimlari bashorat qila olganini aytgan.

AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi qo’mondoniga maslahatchilik qilgan Sara Cheyz muammoni qisman 2001-yilgi terror xurujlaridan keyin amalga oshirilgan islohotlarda ko’radi.

“O’sha islohotlar natijasida razvedka harbiy bir tashkilotga o’xshab faoliyat yurita boshladi. Ma’lumot to’plash va uni tahlil qilishdan maqsad bitta edi – mo’ljalni topib, yo’q qilish”, - deydi sobiq rasmiy.

Markaziy razvedka boshqarmasi bu xulosaga qo’shilmaydi. “Biz hukumatga doimo har qanday masalani kontekstga qo’yib, chuqur tahlil qilib beramiz. Umumiy manzarani ko’zdan qochirmaslik ahamiyatini tushunamiz”, - deydi agentlik mutasaddilari.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan tahlilchilar razvedka xizmatlari faoliyatini qayta ko’rib chiqish zarur deb hisoblaydi. Brayan Fishman fikricha, tahdid deganda nima tushunilishida gap ko’p.

“Faqatgina AQShga to’g’ridan-to’g’ri hujum qilishni istagan guruhlarni xavf sifatida ko’rib, xato qilganmiz”, - deydi u. “Islomiy davlat” bunga yaqqol misol.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG