AQSh xorijda maxfiy razvedka amaliyotlarini kengaytiradi


AQSh Mudofaa vazirligi Pentagon Yaqin Sharq, Afrika va Markaziy Osiyoda harbiy razvedka amaliyotlarini kengaytirmoqda. Bu haqda Amerika Bosh shtab qo’mondoni general Deyvid Petreus maxfiy ko’rsatma bergan, deb yozadi “Nyu-York Tayms” gazetasi.

Bu mintaqalarga maxsus kuchlar yuborilib, al-Qoida va unga hamkor jangari jangari guruhlar iziga tushish, ular haqida ma’lumot to’plash maqsad qilingan.

Operatsiyalar shakli va mazmuni sir. Pentagon sobiq rasmiysi Charlz Danning aytishicha, razvedka kuchaytirilayotgani qisman Eronga doir siyosat bilan bog’liq.

“Idoralar-aro raqobat deyish mumkin buni. Razvedka idoralari bir-biri bilan hamkorlik qilishni istamayapti. Bu ishlarni ayni damda Markaziy Razvedka Boshqarmasi qilmoqda, Pentagon esa ularga qarab qolmay, razvedka ustidan nazoratni o’z qo’liga olmoqchi, kezi kelganda o’z manbalariga tayanib ish tutish uchun”, - deydi Charlz Dann.

Harbiylar kelajakdagi urush-mojarolarni nazarda tutib ma’lumot to’plasa, Markaziy Razvedka Boshqarmasi qo’lidagi axborot asosan keng ko’lamli siyosiy masalalarda asqatadi.

Harbiy razvedkada uzoq yillar ishlagan Entoni Sheyferning aytishicha, armiyaning SRUga ishonchi yo’q.

“Pentagonga harbiy amaliyotlarga tegishli ma’lumot kerak, SRU esa bunday informatsiya to’plashni uddalay olmayapti. Markaziy Razvedka Boshqarmasi bilan ishlaganman. Siyosatga aloqador bo’lmagan masala bo’yicha qo’lini suvga urmaydi ular”, - deydi sobiq ofitser.

AQSh Eronga qarshi harbiy operatsiya rejalayapti deyishga biror asos yo’q, lekin deydi rasmiylar, Pentagon har qanday o’zgarishga tayyor tayyor turishi kerak. Eronga doir razvedka ma’lumotlari bu idoraga suv bilan havodek zarur.

“Urush chiqqan taqdirda, harbiylar operatsiyani to’liq nazorat etishni istaydi. Buning uchun ishonchli axborot kerak. Pentagon boshqa idoraga qarab turishni istamaydi”, - deydi Charlz Dann, hozirda Yaqin Sharq institutida tadqiqotchi.

Mudofaa vazirligi va Markaziy Razvedka Boshqarmasi Kongressdan olinadigan pul masalasida ham, operatsiyalar masalasida ham azaldan raqobatda. SRUning o’ziga yarasha imidji bo’lgani uchun unga ko’proq diqqat qaratiladi, xususan prezidentning tomonidan. Biroq Pentagon, jumladan unga qarashli Harbiy Razvedka Boshqarmasi va Milliy Xavfsizlik Agentligida byudjet kattaroq.

AQShda razvedka idoralari ko’p bo’lishiga qaramay xavfsizlik 100 foiz kafolatlangan deb bo’lmaydi. O’tgan yili dekabrda Nigeriya fuqarosi samolyotda xuruj uyushtirishga uringan. Yaqinda Nyu-Yorkda asli pokistonlik bir fuqaro shahar markazida bomba portlatmoqchi bo’lgan. Natijada umummamlakat razvedka idoralari rahbari Dennis Bleyr lavozimidan ketishga majbur bo’ldi.

Tahlilchi Entoni Sheyfer nazarida razvedkani kengayitirish haqidagi maxfiy buyruqning matbuotga uzatilgani yuqoridagi voqealar fonida Pentagon nufuzini oshirishga qaratilgan qadam bo’lishi ham mumkin.

“SRUda har ikki hol bo’yicha yetarlicha ma’lumot bo’lishiga qaramay, terrorchilar to’xtatilmagan. Boshqarma vazifasini uddalay olyaptimi degan savol o’rinli. Mudofaa vazirligi bu vaziyatdan o’z nufuzini oshirish uchun foydalanayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi Sheyfer.

Pentagon kirishayotgan maxfiy razvedka amaliyotlari, deydi mutaxassislar, oddiy harbiy operatsiyalarga qaraganda arzon va samaraliroq. Aynan shunga kattaroq ahamiyat qarata boshlangani tabiiy.

XS
SM
MD
LG