Breaking News

Koinotni o'rganishda AQSh Xitoy bilan hamkorlik qilishi mumkin


Vashingtonda 30 dan ziyod mamlakat vakillari yig’ilib, koinot tadqiqotlari istiqbollarini muhokama qildi. AQSh Davlat departamenti tashkil etgan ushbu anjumanda birinchi marta Xitoy rasmiylari ham qatnashdi. Bu esa yangi hamkorlikdan darak beradi.

2011-yilda AQSh Kongressi NASA ga Xitoy fazo agentligi bilan hamkorlik qilishni taqiqlab qo’ygan edi. Endi esa bu sohada hamkorlik tiklanishi mumkin.

9-yanvarda bo’lib o’tgan Xalqaro fazo forumida AQSh davlat kotibi muovini Uilyam Byorns barcha mamlakatlarni koinotga bag’ishlangan izlanishlarga qo’shilishga chaqirdi.

“Fazoni o’rganish sohasini global darajada mushtarak ustuvor yo’nalish deb belgilash vaqti keldi. Bu bizga koinot sirlarini kashf etish va Yerda insoniyat taraqqiyotini jadallashtirish imkonini beradi”.

Xitoy Milliy fazo ma’muriyati rahbari Su Daze ham anjumanda ishtirok etdi. Xitoy matbuotiga ko’ra, Pekin boshqa mamlakatlar, xususan AQSh bilan fazoni tadqiq etishda hamkorlikka tayyor va rasmiyning AQShga safari bundan dalolat.

Fazo siyosati instituti rahbari, Jorj Vashington universiteti professori Skott Peys Xitoy vakillarining ishtirokini muhim deb biladi.

“Xitoyliklarning taklif etilishi siyosiy qaror natijasi bo’lsa yaxshi bo’lar edi. Shunda yirikroq, bevosita hamkorlikka yo’l ochilar edi. Shunga qaramay mavjud kichikroq imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak,” - deydi u.

Peysning aytishicha, Sovuq urush paytida Qo’shma Shtatlar fazoni o’rganishda Sovet Ittifoqi bilan cheklangan ravishda hamkorlik qilgan.

“Tor yo’nalishlarda hamkorlik bo’lgan: Yer fani, quyosh fizikasi, biometrik ma’lumotlarni to’plash bobida. Bugunda shunga o’xshash hamkorlikni Xitoy bilan ham yo’lga qo’yish mumkin. Shunday qilish lozim”.

Anjumanda kosmik tadqiqotlar bilan bevosita bog’liq bo’lmagan mamlakatlar, xususan Braziliya, Saudiya Arabistoni va Nigeriyadan ham vakillar ham qatnashdi.

Ko’p davlatlar bu sohaga amaliy qiziqish bildiradi: navigatsiya, aloqa masalalarida fazo tadqiqotlari xulosalaridan foydalaniladi. Ammo ular o’z oldiga kattaroq maqsadlarni qo’yishi kerak, deb hisoblaydi Peys.

Kosmik stansiya xalqaro maqomga ega bo’lib, 2024-yilgacha ishlab turadi. Shunday ekan, Xitoyni ham o’tkazilayotgan ilmiy tajribalarda qatnashishga taklif etish kerak deb hisoblaydi mutaxassis.

Hamkorlik uchun sohalar kam emas. Avvalambor, Oy va asteroidlarni o’rganish, Marsga missiyalar yuborish. AQSh va Rossiyaning mustaqil ravishda bularni amalga oshirishga qurbi yetmasligi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG