AQSh qonunchilari biznes viza dasturini isloh qilish niyatida

  • Amerika Ovozi

Los-Anjeles xalqaro aeroporti

Los-Anjeles xalqaro aeroporti

Avval soddagina taklif bo’lgan. Masalan, Janubiy Kaliforniyada saraton kasalligiga chalingan bemorlar uchun tibbiy klinika qurishga yarim million dollar sarmoya ajratib, AQSh fuqaroligini olish mumkin edi.

Aksiyalar va birjalar davlat komissiyasiga ko'ra esa loyihaga rahbarlik qilgan ikki kishi 50 nafar xitoylik sarmoyadordan olingan 27 million dollarning uchdan ikki qismini o’zlashtirib olgan, ammo klinikani qurmagan.

Bu EB-5 vizasiga oid firibgarlik ayblovlaridan eng so’nggisi. Vizani olish uchun AQSh iqtisodiga 1 million dollar sarmoya kiritib, 10 ta ish joyi yaratish lozim. Ishsizlik baland bo’lgan hududlarga esa yarim million dollar kifoya.

Aslida bu - xorijiy investor uchun ham, AQSh uchun ham foyda keltiradigan dastur. Sarmoyani ajratgan xorijlik odam avval AQShda yashab, ishlash huquqini qo’lga kiritadi, so’ngra fuqarolikni olishi mumkin.

Shuningdek, u yangi loyiha uchun arzon kredit oladi. Ammo yuqorida aytilgan “Pacific Proton” klinikasi kabi loyihalar sababli AQShda ko’pgina qonunchilar bu dasturga qarshi chiqyapti.

“Dastur boshlanganida, ishsizlar ko’p bo’lgan hududlarda yangi ish joylarini yaratish ko’zda tutilgan edi. Lekin vaqt o’tib u eng badavlat hududlar uchun hayriyaga aylandi”, - deydi senator Patrik Li.

Uning aytishicha, viza uchun arizada iqtisodiy ahvoli yomon deya badavlat odamlar yashaydigan hududlarni ham ko’rsatish imkoni bor.

Federal sud hujjatlariga ko’ra, “Pacific Proton” loyihasi 4775 ish joyi yaratishni va bu bilan Kaliforniyaning to’rt dahasi iqtisodiga ijobiy ta’sir ko’rsatishni va’da qilgan. Buning uchun 500 ming dollar ajratish kifoya edi, chunki maxsus komissiyaga taqdim etilgan hujjatlarda klinika ishsizlik baland bo’lgan hududlar uchun faoliyat yuritishi aytilgan.

Biroq aslida loyiha rahbarlari klinikani Montebello shahrida qurishni rejalashtirdi. Los-Anjeles yaqinida joylashgan bu shaharchada ishsizlik past, badavlat odamlar ko’p.

Senator Chak Grasslining so’zlariga ko’ra, EB-5 vizasini olish jarayonida firibgarliklar ko’p uchraydi.

Grasli va Li yangi qonun loyihasini ilgari surmoqda. Unga ko’ra, EB-5 vizasini olish uchun ishsizlik baland hududlarga 800 ming dollar, boshqa hududlarga esa 1,2 million dollar ajratish talab qilinadi.

EB-5 viza dasturi 1992-yilda boshlangan. 2009-yilda bu dastur orqali AQShga 642 xorijiy investor ko’chib kelgan. O’tgan yili bu ko’rsatkich 8756 ga teng edi. Ayni vaqtda Aksiyalar va birjalar davlat ko’missiyasi talablar va tekshurivlarni kuchaytirdi. O’tgan yilning o’zida bu turdagi vizani olish haqidagi arizalarning oltitasi qonunni buzganligi sababli sudga berildi.

AQSh qonunchilari talablarni keskinlashga qarshi bo’lmasa-da, tekshir-tekshir bilan potensial sarmoyadorlarni mamlakatdan quvmoqchi emas.

Yangi loyihani boshlamoqchi bo’lgan kompaniya, ayniqsa agar qurilish iqtisodiy jihatdan og’ir ahvoldagi hududda joylashgan bo’lsa, xorijiy sarmoyaga muhtoj bo’ladi. Ko’plab investorlar esa arizaning ko’rib chiqilishini uzoq kuta olmaydi. Yangi loyihalar amalga oshmasa, yangi ish joylari ham yaratilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG