AQSh Erondan atom qurolini yaratishda ishlatiladigan moddani sotib olmoqda

  • Amerika Ovozi

Eronning Arak shahridagi og'ir suv ishlab chiqariladigan zavod

Eronning Arak shahridagi og'ir suv ishlab chiqariladigan zavod

AQSh Erondan atom qurollarini yaratishda ishlatiladigan 32 tonna kimyoviy moddani sotib oldi. Bu Tehron bilan yadro dasturi bo'yicha tuzilgan kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda.

Davlat departamenti va Energetika vazirligi og'ir suv deb ataladigan moddaning sotib olinganini tasdiqladi.

Yangilik respublikachilar tanqidiga uchradi. Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Ed Roysning aytishicha, bu narsa bitimning xatoligini isbotlaydigan navbatdagi dalil.

"Obama ma'muriyati yana bir bor Eronning radikal rejimiga ko'proq pul beryapti", - dedi u.

"Yadro dasturini to'xtatish o'rniga, AQSh ma'qullagan bu chora Eronni sotish uchun yanada ko'proq og'ir suv ishlab chiqarishga rag'batlantiradi", - deya qo'shimcha qildi u.

AQSh rasmiylarining aytishicha, savdo 8,6 million dollarga baholangan.

Energetika vazirligi bu suvni Amerikaning o'zida tadqiqot olib boruvchi kompaniyalarga sotadi, ammo kelajakda yana shunday savdolar bo'lishi haqida AQSh zimmasiga hech qanday majburiyat olmagan.

"AQSh har doim Eronning mijozi bo'la olmaydi. Kelishuv shartlarini bajarishning yo'lini topish Eronning zimmasida", - deyiladi departament bayonotida.

Eron og'ir suvni AQShga kelasi haftalarda yetkazishi kutilyapti. Bu suyuqlik radioaktiv modda emas va jamoatchilik uchun hech qanday xavf tug'dirmaydi, dedi departament so'zlovchisi Jon Kirbi.

Kelasi hafta Davlat kotibi Jon Kerri va Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Nyu-Yorkda muzokara olib boradi. Rasmiylar bir hafta ichida ikkinchi marta uchrashmoqda.

Ular yadro kelishuvi ijrosi, sanksiyalarni bekor qilish hamda Suriya mojarosini hal qilish mavzularida gaplashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG