Breaking News

Eron xalqaro koalitsiyaga qo’shilishiga Amerika qarshi


15-sentabr kuni “Islomiy davlat” terror guruhiga qarshi koalitsiya bo’lib birlashayotgan davlatlar Parijda majlis qiladi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Eron unda qatnashmasligi kerak chunki islomiy respublika Suriya prezidenti Bashar al-Assadning eng yaqin hamkori.

Koalitsiyaga 40 ga yaqin davlat kiradi, jumladan Yevropa va arab hukumatlari. Obama ma’muriyatining qayd etishicha, “Islomiy davlat”ni havo hujumlari bilangina yengib bo’lmaydi. Guruhni moliyadan ayirish, unga yangi a’zolar qo’shilishini batraraf etish kerak.

Eron jihodchilarga qarshi kurashda kurd jangchilariga yordam berib kelayotgan bo’lsa-da, koalitsiyaga kirmaydi.

“Iroqda Eron o’zi alohida, biz alohida operatiya olib borayapmiz”, - deya bildirdi Davlat kotibi Jon Kerri “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. Jang maydonida xatoliklar bo’lmasligi uchun ikki davlat oz bo’lsa-da ma’lumot almashayotgani ma’lum.

Lekin xalqaro koalitsiyaning ayrim a’zolari, xususan dushanba kungi konferensiya mezboni Fransiya, Eronga ham muayyan rol ajratishni so’ramoqda. Yig’inda BMT Xavfsizlik Kengashining qolgan a’zolari - Britaniya, Xitoy va Rossiya, shuningdek, arab davlatlari qatnashadi. Eronga taklifnoma yuborilganmi, yo’qmi, ma’lum emas.

Ittifoqchilar bilan maslahatlashish uchun Yaqin Sharq bo’ylab safar qilayotgan Jon Kerri jurnalistlarning bu boradagi savollariga javob berdi.

“Eron inqilobiy gvardiyasi Suriyada jang qilayotganini bilamiz. Ular qanday maqsadda yuborilgani, nimalar ko’zlanayotgani haqida savollar bir dunyo. Islomiy respublika dunyoning turli nuqtalarida terrorizmni moliyalashini ham unutmaylik”, - deydi AQSh bosh diplomati.

Eronning atom dasturini jilovlashga doir muzokaralarda ozmuncha progress bor ekan, Kerriga ko’ra, kelajakda bu davlat bilan hamkorlik haqida gaplashish mumkin. Lekin islomiy tuzum avvalo buzg’unchilik faoliyatini to’xtatishi kerak.

“Bu murakkab masalalarni vaqti-soati kelganda muhokama qilish va hal qilish kerak bo’ladi. Parijdagi yig’in buning mavridi emas”, - deya ta’kidladi Kerri.

“Associated Press” agentligining xabar berishicha, Eronning Bag’doddagi diplomatlari konferensiyada ishtirok etishga hozir va Iroq tinch bo’lishidan manfaatdor ekanini eslatmoqda.

Eron rasmiylari Parijga taklif etilsa, AQSh majlisni boykot qiladimi degan savollarga Jon Kerri javob bermadi.

Qo’shma Shtatlar Suriyadagi urush natijasida uy-joysiz qolgan aholiga yana yarim million dollar ajratishini e’lon qildi. Turkiya, Iordaniya, Iroq, Livan hamda Misrda boshpana topgan qochqinlarga gumanitar yordam yetkaziladi.

“Islomiy davlat”ga qarshi global koalitsiya doirasida olib boriladigan harbiy amaliyotlarga AQSh generali Jon Allen boshchilik qiladi. Keng ko’lamli bu operatsiyalarga qaysi davlat qanday hissa qo’shishi haqida hozircha ma’lumot yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG