Eron amerikaliklarni ozod qilmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Sportchilar Sheyn Bauer va Josh Fattalning advokatlari sudga murojaat qilib, ularni tovon evaziga ozod qilishni so’ragan edi

Sportchilar Sheyn Bauer va Josh Fattalning advokatlari sudga murojaat qilib, ularni tovon evaziga ozod qilishni so’ragan edi

Eron sudi 2009-yilda ushlanib, josuslik aybi bilan qamalgan amerikalik ikki fuqaroni ozod qilish masalasida hali bir to’xtamga kelmagan. Kuni-kecha mahbuslar tez orada qo’yib yuboriladi, degan xabar tarqalgan edi.

Sheyn Bauer va Josh Fattalning advokatlari sudga murojaat qilib, ularni tovon evaziga ozod qilishni so’ragan edi. Eron adliya rasmiylari bugungi bayonotida “iltimosni ko’rib chiqamiz va xulosani bizdan eshitasiz” degan.

Bu taxmin Eron rahbari Mahmud Ahmadinajodning kecha Amerika matbuotiga bergan intervyusidan keyin paydo bo’lgan. Amerikalik mahbuslarga mehr-muruvvat qilinadi va ular ikki-uch kun ichida erkinlikka chiqadi, degan Ahmadinajod NBC telekanali bilan suhbatda.

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton Eron rahbarining so’zlaridan mamnun. Lekin Obama ma’muriyati va’daning ijrosini kutayapti. Eronda Amerika nomidan ishlovchi Shveysariya rasmiylari adliya tizimi bilan muzokara olib bormoqda.

Ikki yigitning yaqinlari xursandchiligini yashirmayapti. Biroq tahlilchilar ortiqcha umidga berilmaslik tarafdori, chunki Mahmud Ahmadinajod oldin ham ayni bayonotlar bilan chiqqan.

Bauer va Fattal o’tgan oy ayg’oqchilikda aybdor deb topilib, sakkiz yilga qamalgan edi. Ularning hamrohi Sara Shurd bir yil oldin 500 ming dollar tovon evaziga vataniga qo’yib yuborilgan edi. Advokatlarning aytishicha, Bauer va Fattal uchun ham 500 ming dollardan tovon belgilangan.

Uch amerikalik 2009-yilning yozida Eron-Iroq chegarasida qo’lga olingan. Chegarani buzib, Eron tomonga o’tib qolgan bo’lsak, atayin qilgan emasmiz, deydi ular. Advokatlar ham chegara buzilgani haqida dalil yo’q, deb keladi.

Tahlilchi Aleks Vatanka Eronda prezident, sud tizimi va din peshvolari o’rtasidagi ziddiyatni unutmaslik kerak, deydi.

“Eron adliyasi prezidentga javob bermaydi. Tizim oliy rahnamo Oyatulla Ali Xomeneiyga bo’ysunadi. Va biz siyosiy tortishuvning shohidi bo’lib turibmiz. Prezident Ahmadinajod Amerikaga himmat ko’rsatmoqchi, lekin oyatulla xalqaro maydon bilan muloqotda kim boshliq ekanini namoyish etmoqchi”, - deydi olim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG