​ AQSh: Iroq masalasida Eron bilan harbiy hamkorlik rejada yo'q

  • Amerika Ovozi

Iroqdagi sunniy va shialar o'rtasidagi ixtilofni yumshatib, mamlakatda barqarorlik o'rnatishga Eron o'z hissasini qo'shishi mumkin, ammo iroqliklar o'z xavfsizliklarini ta'minlashda Tehronga suyanmasliklari lozim, dedi rasmiy Vashington.

Avvalroq AQSh rasmiylari Iroqda Bag’dod hukumatiga tahdid solayotgan jangarilarga qarshi kurashish uchun Eron bilan hamkorlikka tayyorligi haqida ma'lum qilgan edi. Keyinroq Oq uy Tehron va Vashington o'rtasida harbiy hamkorlik qilish rejada yo'q ekanini ta'kidladi.

16-iyun kuni shunday bayonot berar ekan, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Tehron bilan hatto harbiy hamkorlik ehtimoldan holi emas, deb aytgan. Davlat Departamenti so'zlovchisi Jen Psaki esa iroqliklarni o'z xavfsizliklarini ta'minlashda Eronga suyanmaslikka chaqirdi.

So’nggi kunlarda “Iroq va Shom islomiy davlati” (ISID) guruhi jangarilari Iroq shimolidagi shaharlarni egallab oldi va poytaxt Bag’dodga yaqinlashdi.

AQSh va Eron o’rtasidagi diplomatik aloqalar uzilganiga 30 yildan oshgan. Vashington va Yevropa davlatlari Tehron bilan yadroviy dastur yuzasidan murakkab muzokaralar olib bormoqda, so’nggi paytlarda so’zlashuvlar boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Ammo Kerrining bildirishicha, AQSh Iroqdagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda mamlakatni parchalab yuborishi mumkin bo’lgan terrorchilarni to’xtatish maqsadida “konstruktiv jarayon”ga tayyor.

Vashington Iroqdagi jangarilarni havodan hujumga tutishni rejalamoqda. Dronlar ham qo’llanilishi mumkin.

Asosan sunniy musulmonlardan iborat “ISID” guruhi shialardan tarkib topgan Iroq hukumatiga qarshi chiqmoqda, Iroq va Suriya sharqida islomiy davlat barpo etishni maqsad qilib olgan.

Askariyati shia bo’lgan Eron rahbariyati Iroqda sunniy musulmonlarga qarshi xurujlarni qoralab chiqdi.

Kerri prezident Barak Obama Iroq hukumatini qo’llab-quvvatlashini bildirar ekan, Obama yordam yo’llarini puxta o’rganayotganini bildirdi. Bundan oldin Oq uy Iroqqa qo’shin yubormasligi qarorini ma’lum qilgan edi.

AQSh harbiylari Iroqni 2011-yil oxirida, to’qqiz yillik urushdan so’ng tark etgan. Ular mamlakatga 2003-yilda o’sha davrdagi prezident Saddam Husayn ommaviy qirg’in qurollariga egaligi haqidagi iddao qilib kirgan, ammo mamlakatda bunday qurol topilmagan edi. Husayn esa hokimiyatdan ag’darilib, so’ngra qatl etilgan.

17-iyunda AQSh Davlat kotibi muovini Bil Byorns Jenevada Eron yadroviy dasturi atrofidagi muzokaralarni davom ettirishni rejalamoqda. Uning Tehron rasmiylari bilan Iroq masalasini muhokama qilishi mumkinligi, ammo bu so’zlashuvlar alohida o’tkazilishi aytilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG