Breaking News

Senatorlar Eronni jazolab, Isroilga sodiqligini ko’rsatdi


AQSh senatorlari Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirib borish to’g’risidagi rezolyutsiyani ma’qulladi. Unda yozilishicha, Isroil mudofaa maqsadlarida Eronga hujum qilgan taqdirda, Amerika yahudiy davlatini quvvatlaydi.
Senatorlar Eronni jazolab, Isroilga sodiqligini ko’rsatdi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:25 0:00
Yuklab oling

Rezolyutsiyaga 100 senatordan 99 nafari ovoz berdi. Tehronga kuchli signal bu, deydi qonunchi Robert Menendez.

“Yakdillik bilan berilgan bu ovozlar shundan dalolatki, Tehronda hokimiyatni ag’darish niyatimiz yo’q, balki bu tuzum yadroviy dasturi uchun jazo olayapti”, - deydi senator.

Uning qayd etishicha, Eron masalasida ham demokratlar, ham respublikachilarning qarashlari bir.

Shimoliy Karolinadan respublikachi senator Lindsi Grehem AQShning Isroil bilan strategik munosabatlarini e’tirof etadi.

“Ikki davlat rishtalarini shubha ostiga olganlarga javobimiz shu. Agarda Isroil Eronning jadal rivojlanayotgan yadroviy dasturini to’xtatish uchun harbiy harakatlarga jazm qilsa, Vashington unga har tomonlama madad ko’rsatishga tayyor. Ham siyosiy jihatdan, ham Birlashgan Millatlar Tashkitoti doirasida va albatta, harbiy jihatdan”, - deya ta’kidladi qonunchi.

Senatdagi rezolyutsiya Xalqaro atom boshqarmasining yangi hisoboti e’lon qilinganidan bir necha soat o’tmay ovozga qo’yildi. Hisobotda Tehron plutoniy ishlab chiqarishga mo’ljallangan reaktor qurishga astoydil kirishgani haqida ma’lumot bor. Plutoniy, ma’lumki, yadroviy qurol yaratishda qo’l keladi.

Eronning Xalqaro atom boshqarmasidagi vakili Ali Asg’ar Sultoniy dastur tinch maqsadga yo’naltirilganini yana takrorladi.

“Boshqarma tarixida hech bir mamlakat bunchalik obdon va izchil tekshiruvdan o’tgan emas. Mana 10 yil bo’ldi, xalqaro inspektorlar biror taqiqlangan faoliyat olib borayotganimizni isbotlab bergani yo’q. Maqsadimiz tinchlik. Eronga nisbatan qo’yilayotgan ayblovlar yolg’on va tuhmatdan boshqa narsa emas”, - deydi elchi.

Amerika senatorlariga ko’ra, Eron tog’ ostidagi yashirin laboratoriyasida uran boyitib, uni tibbiy izlanishlar uchun qo’llashiga hech kim ishonmaydi.

AQSh va Yevropa davlatlari islomiy respublika bilan bu mavzu yuzasidan bir necha yildan beri muzokara qilib keladi. Qozog’istonda o’tgan so’nggi uchrashuvlar ham natija bergani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG