Bag'dodda Eron yadro dasturi muhokama qilinadi

  • Amerika Ovozi

Eronning Xalqaro Atom Energiyasi Agentligidagi vakili Ali Asqar Sultoniy jurnalistlar bilan muloqot qilmoqda. Vena, Avstriya, 14-may, 2012-yil.

Eronning Xalqaro Atom Energiyasi Agentligidagi vakili Ali Asqar Sultoniy jurnalistlar bilan muloqot qilmoqda. Vena, Avstriya, 14-may, 2012-yil.

23-may kuni AQSh va dunyoning boshqa yetakchi mamlakatlari Eron vakillari bilan uchrashadi. Muloqot Yaqin Sharqda Eronning yadro dasturi bilan bog’liq qurolli nizo kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan.

Bag’dodda o’tishi rejalangan anjuman Eron, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a’zosi va Germaniya o’rtasida bo’lib o’tayotgan ikkinchi uchrashuv.

G’arb o’lkalari ko’p yillardan beri Eronni yadro quroli yaratishga urinayotganlikda ayblaydi. Tehron bu ayblovlarni inkor etib keladi. Xavfsizlik Kengashi bir qator og’ir iqtisodiy jazo choralarini tatbiq etgan.

Muloqot oldidan Xalqaro Atom boshqarmasi Eronning yadro inshootlariga kuzatuvchilarni kiritish borasida gaplashyapti. Tahlilchilar nazarida, bu Bag’doddagi uchrashuvning ijobiy natija bilan yakunlanishiga hissa qo’shishi mumkin.

Garvard universiteti professori Nikolas Berns Bush ma’muriyati davrida Eron bilan muzokaralarga boshchilik qilgan.

“Eron yadro qurolini yaratishga urinayotganiga dunyoda hech kim shubha qilmaydi. Iroqdagi yig’ilish, tabiiyki, muhim ahamiyatga ega”, - deydi u.

BMT sanksiyalaridan tashqari, bugun Eron markaziy banki xalqaro moliya tizimidan uzib qo’yilgan. 1-iyuldan boshlab Yevropa Ittifoqi bu davlatdan neft sotib olishni to’xtatadi. G’arb uran boyitishni bas qiling desa, rasmiy Tehron “suveren davlatmiz, bizning ishlarga aralashmang” deya javob bermoqda.

Sobiq diplomat Stiv Reydmeyker fikricha, Eronning uranni boyitish programmasidan ko’zni uzmaslik kerak. “Bu yadro dasturining toj gavharidek gap. Uning davom etishiga yo’l qo’yadigan har qanday kelishuv AQSh uchun maqbul emas”, - deydi u.

AQSh va Isroil Eronni bu yo’ldan qaytarish uchun harbiy choraga ishora qilgan. Ammo o’tgan oy Istanbulda o’tgan yig’in qurolli nizo haqidagi bahslarni biroz sovutganday bo’ldi. Eron xalqaro talablarga biroz yon bosgandek.

Prezident Barak Obamaning Yaqin Sharq masalalari bo’yicha sobiq maslahatchisi Denis Ross nazarida, muammoga diplomatik yechim topish harakatlari davom etishi lozim.

“Ammo Eron bu vaziyatdan o’z foydasi yo’lida foydalanib qolishiga yo’l qo’ymaslik kerak. Ularga vaqt beraylik, talab, taklif va imtiyozlarni ko’rib chiqishsin. Diplomatik sa’y-harakatlar muvaffaqiyatsiz tugasa, shundagina kuch ishlatish mumkin. Oxir-oqibat buni eronliklar o’z boshlariga o’zlari olib kelgan bo’ladi”, - deydi Denis Ross.

AQSh razvedkasi ma’lumotiga ko’ra, islomiy respublika yadro qurolini yaratish yo’lidan borish imkoniyatiga ega, ammo atom bombasini yaratish borasida hali bir qarorga kelmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG