Oyatulla Xomeneiy: Amerika bilan munosabatlar o'zgarmaydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning ta'kidlashicha, hafta boshida imzolangan xalqaro kelishuv Eronning yadro qurolini qo'lga kiritishini bartaraf etishga qaratilgan jiddiy qadamdir.

AQSh rahbari haftalik radio murojaatini shu mavzuga bag'ishladi. "Eron bizni alday olmaydi, chunki kelishuv shartlari bajarilayotganini ta'minlaydigan mexanizm yo'lga qo'yiladi", - deydi Obama.

Hujjatga ko'ra, Erondagi yadroviy materiallarning 98 foizi uchinchi bir mamlakatga ko'chirilishi kerak. Agar Eron g'irromlik qilsa, iqtisodiy sanksiyalar zudlik bilan tiklanadi, deydi AQSh rahbari.

Avstriyada erishilgan kelishuv hali kuchga kirmagan. Dushanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashida ovozga qo'yiladi va ma'qullansa xalqaro qonunga aylanadi.

AQSh Kongressi ham 60 kun davomida matnni ko'rib chiqishi kerak. Obama so'zlariga ko'ra, kelishuv ma'qullanmasa, dunyoning eng beqaror mintaqasida yana bir urushga olib kelishi mumkin.

Eron oliy rahnamosi Oyatulla Ali Xomeneiy ham bugun Tehrondagi nutqida kelishuvni tilga oldi. Uning aytishicha, bitimga erishilgani Vashington bilan boshqa sohalarda ham hamkorlik bo'ladi degani emas.

"Sanksiyalardan qutulish uchun yadroviy tadqiqotlarni cheklashga ko'nganimiz - bu bir mustasno holat. Takabbur, dushman davlat bilan munosabatlar o'zgargani yo'q. Uning haddan ziyod talablariga bosh egmaymiz", - deydi Xomeneiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG