Mavhumlikka qaramay Eron yadro muzokaralari davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron Atom energiyasi tashkilotining rahbari Ali Akbar Solihiy va Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Energetika vaziri Ernest Moniz, Jeneva, Shveysariya, 23-fevral, 2015-yil

Eron Atom energiyasi tashkilotining rahbari Ali Akbar Solihiy va Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Energetika vaziri Ernest Moniz, Jeneva, Shveysariya, 23-fevral, 2015-yil

Dunyoning olti qudratli davlati Eron yadroviy dasturi xususida muzokara olib borar ekan, tomonlar mart oxirigacha kelishishga umid qilmoqda. Isroil esa bunga qarshi.

AQSh va Eron tashqi ishlar vazirlari va boshqa rasmiylar Jenevada uchrashib, ba’zi masalalarda yutuqqa erishilganini, ammo hal etilmagan mavzular hali ko'p ekanini aytdi.

Tomonlar uranning boyitilish darajasi va sentrifugalar soni bo’yicha hozircha kelisha olmayapti.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Eronga xilma-xil takliflar, g’oyalar berilgan.

“Eron yadro dasturi tinch maqsadlarga qaratilganini amalda isbotlashga qanchalik tayyor ekanini ko’ramiz endi. Tehronning bu boradagi harakati va qarorlarini elakdan o’tkazamiz”, - deydi Kerri.

AQSh muzokarachilari Erondan yadro quroli yaratilmayotganini tasdiqlovchi kafolat olishga harakat qilmoqda.

Xalqaro muzokaralar iyun oxirigacha davom etadi. Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, yakuniy bitimga erishish imkoniyatlari 50 ka 50 baholanmoqda.

“Eron hukumatidagi ayrimlar atom quroli yaratmayapmiz deb va’da berishni istamayapti, shu sabab muzokarachilar o’zaro kelisha olgan taqdirda ham muvaffaqiyat ehtimoliga aql bilan yondashishda davom etamiz”, - deydi Oq uy rasmiysi.

Obama ma'muriyati muzokaralarni yana bir bor uzaytirish istagi yo’qligini bildirmoqda.

Har ikki tomon hech kimga ma’qul tushmaydigan bitim imzolagandan ko’ra umuman hech qanday shartnoma tuzmagan yaxshi degan fikrda, deydi Yadro siyosati bo’yicha tahlilchi Jeyms Ekton.

"Shartnomaning yaxshi-yomonligi to’g’risida hammaning fikri har xil, ammo chala hujjatdan ko’ra umuman hech narsa imzolamagan yaxshi degan gapga hamma qo’shiladi”, - deydi Ekton.

Muzokarachilar muloqot taktikasi va keyingi qadamlar haqida bosh qotirar ekan, Isroil nazarida Eron bilan har qanday bitim mintaqaning beqarorlashishiga olib keladi.

“Shu kunlarda AQShga borib, bitimning Isroilga, mintaqaga, butun dunyoga xavf ekanini Kongressga tushuntirib beraman. Kongress shartnomaga ta’sirini o’tkaza oladi”, - deydi Netanyaxu.

BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarmaning xavotir bilan taxmin qilishicha, Eron yadro bobida yashirin faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, boshqarma Eron yadroviy bitimning ayrim bandlariga rioya qilayotganini ham tan oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG