Breaking News

Kongress: Eron harbiy bazalarini tekshirish kerak


AQSh Kongressi va Eron
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:42 0:00

Eron va xalqaro hamjamiyat Venada yadro dasturi yuzasidan muzokaralarning yangi bosqichini boshladi. AQSh qonunchilari esa Eronning bitim shartlariga qanchalik rioya qilishini tekshirish imkoniyatlari haqida tinglov o'tkazdi. Unda qatnashgan sobiq inspektorlar, atom qurollari bo'yicha mutaxassislar, Tehronning niyati qanchalik xolis ekani haqida o'z fikrlarini bildirdi.

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyga ko'ra, Tehron yadro qurolini yaratmoqchi degan iddaolar G'arb yaratgan afsonadan boshqa narsa emas. Uning xalqaro kuzatuvchilarni hech qachon Eron harbiy inshootlarini tekshirishiga ruxsat bermaymiz, deb aytgan gaplari ko'plab AQSh qonunchilarini xavotirga soldi.

Vakillar palatasidagi Tashqi ishlar qo'mitasi raisi Ed Roysning aytishicha, Eron yetakchisining bu gaplari o'zaro ishonch o'rnatishga yo'l bermaydi.

"Oyatullohning "Amerikaga o'lim" deb aytganlari, ularning Yaman va Yaqin Sharqda o'zini qanday tutayotgani bizni tashvishga solmoqda", - deydi u.

Roysning "Amerika ovozi" ga aytishicha, Eronning Inqilobiy gvardiyasi qurol sotib olishi uchun Falastindagi "XAMAS" jangari guruhiga pul bermoqda. Mavjud bu ziddiyatlar yadro dasturi bo'yicha bitimga erishish ahamiyatini yanada oshiradi, deydi u.

"Eronliklar ayrim manzillarni harbiy bazalar deb atab, u yerga xalqaro kuzatuvchilarning kirishiga ruxsat bermoqchi emas. Bu joylarning birida qurollarni kuchaytirish jarayoni ketayotgani aniq. Shuning uchun kuzatuvchilar ularga kirib, tekshirish o'tkazish huquqini saqlab qolishi muhim", - deydi AQSh qonunchisi.

So'nggi bitim iyun oxirigacha imzolanishi kerak. Ayrim ekspertlarga ko'ra, belgilangan muddatgacha kelishuvga erishishni Erondan ko'ra, ko'proq AQSh xohlayotgandek ko'rinmoqda. Bu esa Eronga muzokaralarda afzallik beradi, deydi tahlilchi Deyvid Olbrayt.

"Menimcha, AQSh sal ortga chekinib, qattiqroq turishi kerak. Eronga yon bosmasdan, muzokaralarni uzoqroq cho'zib, yanada og'irroq jazo choralari bo'lishi mumkinligi haqida ogohlantirib turishi kerak", - deydi u.

Senat Eronga qarshi sanksiyalar bekor qilinishidan oldin Kongressning so'nggi bitimga ta'sir o'tkazishiga imkon beruvchi qonun qabul qildi. Prezident Obama, dastlab, unga qarshi chiqdi. E'tirozlari hisobga olingach, qonunga veto qo'ymaslikka so'z berdi. Kongress va prezident o'rtasidagi kelishmovchilik ham muzokaralarga pand bermoqda, deydi Olbrayt.

"Kongress va Oq uy o'rtasidagi tortishuvdan foyda yo'q. Bunda har ikki tomon ham aybdor. Hukumat Kongress bilan yaqindan ishlash bo'yicha oldinroq kelishib olishi mumkin edi. Kongress ham ma'muriyat bilan birga ishlab, yangi sanksiyalar joriy qilish haqida dag'dag'a qilmasligi kerak. Bu kurash juda zararli bo'ldi", - deydi tahlilchi.

Ayrim qonunchilar va kuzatuvchilarga ko'ra, 30-iyungacha imzolanadigan bitimda Eronga qarshi sanksiyalarni qachon ko'tarish masalasi muzokarachilar oldidagi eng qiyin masala bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG