Vashingtonda Eron bitimiga qarshi bahslar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Vashingtonda Choychilar harakati Eron bilan tuzilgan yadro bitimiga qarshi yig'in o'tkazmoqda, 9-sentabr, 2015-yil.

Vashingtonda Choychilar harakati Eron bilan tuzilgan yadro bitimiga qarshi yig'in o'tkazmoqda, 9-sentabr, 2015-yil.

Eron yadro dasturi yuzasidan erishilgan kelishuv bo'yicha bahslar so'nggi pallaga kirmoqda. Bitimning Kongress tasdig'idan o'tishi deyarli aniq bo'lgan bir paytda prezidentlik uchun nomzodlar va har ikki partiyaga mansub ayrim qonunchilar kelishuv bo'yicha o'z xavotirlarini bildirishda davom etmoqda.

Xalqaro bitimlar AQSh siyosatida kamdan kam mahalliy bahslar mavzusiga aylanadi. Ammo Vashingtonda senator Ted Kruz va ishbilarmon Donald Tramp tashkil qilgan anjumanda Eron bitimiga alohida urg'u berildi.

"Uzoq vaqtdan beri shartnomalar tuzib kelaman. Lekin hayotimda biz Eron bilan tuzgan bitimdek shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan kelishuvni hech qachon ko'rmaganman", - deydi Tramp.

Texasdan kelgan Charles Anderson ham shu fikrda.

"Bitim ularga yadro qurollari va qit'alararo ballistik raketalar qurish uchun 150 milliard dollar beradi. Bundan ham ahmoqroq ish bo'lishi mumkinmi?" - deydi u.

"Nafaqat Amerika yoki Isroil, balki butun dunyo jiddiy xavf ostida", - deydi Bob ismli yana bir fuqaro.

Ammo demokratlardan prezidentlik uchun nomzod Xillari Klinton farqli qarashda.

"U mukammal emas. Bunaqa kelishuvlar shunday bo'ladi. Lekin u kuchli bitimmi? Ha, shunday. Demak, uni bekor qilmasligimiz kerak", - deydi u.

Kapitoliyda ham bahs davom etmoqda.

"Ko'plab respublikachilar kelishuvga o'qimasdan turib qarshi chiqdi. Senator Kruz bir soat o'tmasdan uni rad qildi", - deydi senator Kris Murfi.

"Bitimga xolis qarasak, u Eron rejimini kuchaytirishi aniq ekanini ko'ramiz. Bu haqda shubha yo'q", - deydi senator Mitch Makkonel.

"Kelishuvga qarshi chiqayotganlarning ayrimlari bizni Iroq urushiga olib kirgan ayni odamlardir", - deydi demokrat senator Barbara Bokser.

Respublikachi nomzodlar qarashi, ayniqsa, keskin.

"2017-yil 20-yanvar kuni mamlakatni himoya qilishga qodir oliy bosh qo'mondon bu falokatli bitimni yo'q qilishga tayyor turishi kerak", - deydi Ted Kruz.

"Ayrim respublikachi nomzodlar bitimni 2017-yil yirtib tahlayman deyapti. Bu paytgacha u bir yildan beri amal qilayotgan bo'ladi. Bu yetakchilik emas, mas'uliyatsizlikdir", - deydi Klinton.

Shuncha shov-shuvga qaramay, respublikachilar Kongressda bitimni to'xtatish uchun yetarli ovoz yig'a olmasligini yaxshi biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG