AQSh qonunchilari Eron bilan murosaga erishilishiga ishonmayapti

  • Amerika Ovozi

Senatning Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Bob Korker Eronga oid majlisdan keyin. Vashington, 10-fevral 2015-yil

Senatning Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Bob Korker Eronga oid majlisdan keyin. Vashington, 10-fevral 2015-yil

AQShda har ikkala partiyaning Senatdagi vakillari Eron bilan muzokaralar natija berishiga ishonmayapti. Vaholanki, Tehron bilan muloqot hamon davom etmoqda.

Prezident Barak Obama Eronni yadro dasturi bo’yicha so’nggi qarorini berishga chaqirgach, Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zolari yopiq eshiklar ortida yig’ilib, hukumat rasmiylarining muzokaralar haqidagi firklarini tingladi. Ular AQShga Tehronning yadroviy imkoniyatlari haqida nimalar ma’lumligi bilan qiziqdi.

“Eron yadro dasturining kuchayishini nazorat qilish imkoniyatimiz bor hozir”, - dedi qo’mita raisi, respublikachi senator Bob Korker.

Qo’mitaning demokrat a’zosi, senator Robert Menendez ham masala yuzasidan chuqur xavotir bildirdi va agar muzokaralar natija bermasa, Eron atom bombasini yasash uchun bir yil vaqt yutadi, dedi.

“Yadroviy qurol ko’payishining oldini olish o’rniga bu jarayonni kuzatyapmiz. Agar yangi dunyo tartibida bizning vazifa shundan iborat bo’lsa, ya’ni mamlakat bir yil ichida yadroviy qurol yasay olsa, bu nihoyatda xavfli dunyo bo’lishi aniq”, - dedi u.

Korker Eron bilan muzokaralar natija berishi tarafdori ekanini bildirdi. Ammo kelishuvda Eronga qo’yilayotgan talablar ko’p emas; aksincha, sanksiyalarni bekor qilib Eronga katta iqtisodiy imkoniyatlar berilmoqda, dedi u.

“Atom bombasini yasashiga bir qadam qolgan davlat haqida gap ketyapti, axir. Buning ustiga Eron yana 130 milliard dollarga teng yangi mablag’ga ega bo’ladi, iqtisodi rivojlanadi. Ortiq yakkalab qo’yilgan mamlakat bo’lmaydi”, - dedi u.

Ayim respublikachi qonunchilar, jumladan Marko Rubio, Tehronga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilinishi kerak, degan fikrda. Obama esa avval muzokaralarga imkon berilsin, deydi.

“Muzokaralar natija bermaganida darhol joriy etiladigan sanksiyalar bo’lishi kerak. Chunki men so’zlashuvlar, afsuski, natijasiz tugaydi, deb hisoblayman”, - deydi Marko Rubio.

Majlisda qatnashgan demokratlar tafsilotlar bilan o’rtoqlashishni istamadi. Ular vakili senator Jin Shahinning aytishicha, kelishuvga erishish imkoniyatlari hali aniq emas.

So’zlashuvlarning hozirgi bosqichi iyun oxirida tugashi kerak. Ammo ishtirokchilar kelasi oygacha kelishuvni yakunlash niyatida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG