AQSh va Saudiya Arabistoni Eronga qarshi chora ko'rmoqchi

  • Amerika Ovozi

Odil al-Jubayr, Saydiya Arabistonining AQShdagi elchisi

Odil al-Jubayr, Saydiya Arabistonining AQShdagi elchisi

AQSh prezidenti Barak Obama va Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla qirollikning Vashingtondagi elchisiga qarshi rejalangan xurujni qoralab, hamkorlikda keskin choralar ko'rishga kelishib oldi. Q'shma Shtatlar fitna ortida Eron turibdi, deydi. Davlat kotibasi Xillari Klinton Eronni siyosiy zo'ravonlik va terrorizmni qo'llab-quvvatlayotganlikda aybladi.

"Bu hol AQSh va xalqaro qonunlarga zid bo'lib, Eron hukumati xavfli yo'lni tanlaganini namoyish etmoqda", - deydi Klinton.

Xalqaro hamkorlar bilan kelishib, Eronga qarshi bosimni kuchaytiramiz, deydi u.

AQSh Adliya vazirligining bildirishicha, Amerika fuqaroligini olgan Mansur Arbobsiyor va Erondagi maxsus harbiy qism vakili G'ulom Shakuriy Saudiya elchisi Odil al-Jubayrni o'ldirishga jazm qilgan.

Davlat departamenti xorijiy davlatlarning Vashingtondagi elchilarini to'plab, Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishda siyosiy yordam so'ramoqda. AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays ham BMT Xavfsizlik Kengashiga a'zo davlatlar diplomatlari bilan uchrashgan.

Qo'shma Shtatlar ma'lumotiga ko'ra, nomlari keltirilgan ikki shaxs Meksikada qoradori bilan shug'ullanuvchi guruhlar bilan aloqaga chiqib, Saudiya elchisini yo'qotmoqchi bo'lgan.

Davlat departamenti vakili Viktoriya Nulandning aytishicha, xalqaro sanksiyalar tufayli Eronda iqtisodiy o'sish sekinlashgan.

"Davlatlar bu choralar nazoratini kuchaytirish lozim", - deydi rasmiy.

Amerika Moliya vazirligi eronlik besh rasmiy va Mahan aviakompaniyasini qora ro'yxatga qo'shgan. Vazirlik nazarida kompaniya Eron harbiylari va Livanning Hizbulloh jangari guruhini qo'llab-quvvatlab keladi.

Oq uy nazarida Saudiya elchisiga qarshi fitna Eronning Quds maxsus harbiy qismida rejalangan, ammo rejadan Eron rahbarlari xabardor bo'lganmi, yo'qmi, hozircha noma'lum.

Rasmiy Tehron ayblovlarni rad etib, yolg'on demoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG