Saylov-2016: Eron asosiy bahs mavzusi bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan, Lozanna, Shveysariya, 16-mart, 2015-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan, Lozanna, Shveysariya, 16-mart, 2015-yil.

Respublikachi senatorlar Eron yadro dasturi yuzasidan erishiladigan har qanday kelishuv uzoq davom etmaydi, degan fikrda qat'iy. 47 konservator Eronga maktub yo'llab, Barak Obama prezidentligi tugagach o'zaro bitim ham kuchdan qoladi, deya ogohlantirgan edi.

Texas sobiq gubernatori va prezidentlikka ehtimoliy nomzod Rik Perri yaqinda o'tgan konferensiyada Eron mavzusini ko'tardi.

"Eronning yadro qurolini qo'lga kiritishiga yo'l qo'ymaslik eng birinchi masala", - dedi u.

Nomzodlar o'rtasida kechayotgan bahslarda Eronning yadro dasturi tez-tez tilga olinmoqda. Jeb Bush ham Nyu-Xempshirda shu masalaga e'tibor qaratdi.

"Prezidentlikka nomzodimni qo'yish haqida o'ylanyapman. Agar prezident bo'lsam, men Oyatulloh va uning qattol rejimi bilan hisoblashadigan bitim ustida muzokara qilmagan bo'lardim", - deydi u.

Masala yana bir ehtimoliy nomzod, Viskonsin gubernatori Skot Voker e'tiboridan ham chetda qolgani yo'q.

"Agar chet davlat bilan, bu holatda, Eron bilan jiddiy masala ustida muzokara qilsangiz, Konstitutsiya talabiga ko'ra, Kongressdan maslahat va ruxsat olishingiz kerak", - deydi u.

Eronga yozilgan xat siyosiy bahslarni avj oldirdi. Maktub muallifi senator Tom Kotton o'z fikrida qat'iy.

"Konstitutsiyadan shu narsa ma'lumki, agar Kongress ma'qullamasa, bitim uzoqqa bormaydi. Muzokara stolida turgan hozirgi bitim esa juda yomon bitim", - deydi u.

Davlat kotibi Jon Kerri esa maktubni xato deb biladi.

"Bilganim shuki, bu xat muzokaralarga to'g'ridan to'g'ri aralashish maqsadida yozilgan", - deydi u.

Demokratlardan nomzod bo'lishi kutilayotgan Xillari Klinton ham shunday fikrda.

"Juda muhim xalqaro diplomatiya ketayotgan bir paytda bu senatorlar yo Eronga yordam bermoqchi, yo oliy qo'mondonga zarar yetkazmoqchi. Har ikki holat ham maktubga imzo chekkanlarga obro' keltirmaydi", - deydi u.

Tahlilchi Ken Soferning aytishicha, maktub mashmashasi ichki siyosatning katta janjaliga aylangan.

"47 respublikachi senator imzo chekkan xat misli ko'rilmagan ish bo'ldi. Prezidentning boshqa davlat yetakchisi bilan olib borayotgan shaxsiy muzokaralarini pisand qilmaslik holatini ilgari hech kuzatmaganmiz", - deydi u.

Bu partiyalar o'rtasidagi kelishmovchiliklarning tashqi siyosatga ham ta'sir qilayotganidan dalolat, deydi Jorj Vashington universiteti tadqiqotchisi Met Dallek.

"Dushmanlik hissi kuchli. Obama immigratsiya bo'yicha mustaqil farmon chiqargandan beri Kongressdagi respublikachilar, nima qilib bo'lsa ham, prezidentning jig'iga tegishga urinyapti. Hatto, odatda, Kongress aralashmaydigan masalalarda ham", - deydi tadqiqotchi.

Prezidentlik uchun bo'lib o'tadigan saylov kampaniyalarida ham Eron asosiy bahs mavzularidan biri bo'lishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG