AQSh Senati Eronga qarshi yangi jazo choralari joriy etilishiga qarshi

  • Amerika Ovozi

Kongress binosi

Kongress binosi

Agar Eronning yadro dasturini cheklashga qaratilgan muzokaralar kutilgan natijani bermasa, yangi jazo choralarini tatbiq etish haqida respublikachilar olg’a surayotgan tashabbusga senatorlarning aksariyati qarshi chiqmoqda. Kongressning har ikki palatasida qonun loyihasining tarafdorlari ko’p bo’lishiga qaramay, uning Senat tasdig’idan o’tishi qiyin. Chunki Obama ma’muriyati xalqaro muzokaralar davom etayotgan paytda yangi sanksiyalar joriy qilinishining oldini olishga tirishmoqda.
Senatorlar Petti Myurrey va Elizabet Uorren Kongress oldida turgan Eron sanksiyasiga oid qonunga qarshiligini izhor etgan navbatdagi qonunchilar. O’z hududidagi saylovchilariga yuborgan maktubida Myurrey Eron bilan keng ko’lamli kelishuvga erishish maqsadida hukumatga ishlash uchun fursat berilishi lozimligini aytgan. Ayni paytda u agar muloqot muvaffaqiyatsiz yakunlansa, jazo choralari kuchaytirilishiga qarshi emasligini bildirgan.

Shuningdek, senator Uorren o’z vakili orqali diplomatik sa’y-harakatlarga to’liq imkon bermasdan turib qo’shimcha jazo choralari joriy etilishini qo’llab-quvvatlamasligini aytgan.

Eronni jazolashga oid yangi qonunni yoqlayotganlar orasida 16 nafar demokrat bor. Respublikachilarning esa deyarli barchasi sanksiya tarafdori. Loyiha ortida isroilparast lobbichi guruhlar turibdi.

Senatdagi demokratlarning aksariyati qonunni xushlamayapti. Lekin ular orasida qarshiligini ochiq oshkor qila olmayotganlar ham bor. Demokratlar yetakchisi Harri Rid qonunni yoqlashini ham yoki unga qarshiligini ham ochiq ma’lum qilgani yo’q.

Brukings tadqiqotlar institutining Kongress bo’yicha tahlilchisi Uillyam Galstonning aytishicha, prezident Obama ko’plab demokratlarni o’z bosimi ostida ushlab turibdi.

“Oq uy qonunning qabul qilinishiga yo’l qo’ymaslik ahdida qat’iy. Ma’muriyat bu masalada ijro hokimiyatining bosh muzokarachi bo’lishini va o’z tashqi siyosatini o’zi yuritishini istaydi”, - deydi u.

Agar yangi jazo choralari joriy etilsa, Eron o’tgan yili erishilgan muvaqqat kelishuvdan chiqib, muloqotni butunlay to’xtatishi haqida ogohlantirmoqda.

Obama bu masalada Kongress qabul qiladigan har qanday qonunga veto qo’yishini aytgan.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra, Amerika xalqi Eronning yadro dasturidan tashvishda, ammo yana urush domiga tortilishni istashmaydi. Shu bois ular Obama ma’muriyatining Kongress bilan munozaraga kirishishiga qarshi emas.

Agar Tehron bilan muzokaralar kutilgan natijani bermasa, Kongressda yangi sanksiyalarning ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinishi turgan gap.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG