Eron bilan muzokaralarda iliqlik kuzatilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Vendi Sherman

AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Vendi Sherman

Jenevada Eron yadro dasturi bo’yicha muzokara olib borayotgan AQSh, Britaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya va Germaniya vakillari rasmiy Tehron taqdim etgan yangi tavsiyalarni o’rganib chiqmoqda. Ayni paytda AQShning yetakchi diplomatlaridan biri Eronga qo’yilgan jazo choralarini to’xtatib turish taklifi bilan chiqdi.
AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Vendi Sherman “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida Eronga nisbatan yangi jazo choralari qo’llashni to’xtatib turish haqida gapirdi. Uning aytishicha, Tehron bilan olib borilayotgan muzokaralarga imkon berish uchun Kongress tomonidan ko’rib chiqilayotgan yangi jazo choralariga tanaffus e’lon qilish kerak.

Shermanga ko’ra, Obama ma’muriyati hozir shu masalada Kongressning har ikki palatasi vakillari bilan muloqot olib bormoqda.

Ayni paytda AQSh va uning Yevropadagi ittifoqdoshlari Eronning yadro dasturiga hanuz shubha bilan qaraydi.

Xalqaro hamjamiyat anchadan beri Tehronni yadro tadqiqotlarini to’xtatishga chaqirib keladi. Eron yuqori darajada boyitilgan urandan atom bombasini tayyorlashda foydalanishi mumkin, degan xavotirlar mavjud.

Yadro qurollari bo’yicha mutaxassis Joel Rubinning aytishicha, G’arbning razvedka idoralari Eron yadro dasturiga oid barcha ma’lumotlarga ega.

“Eron uran boyitishni davom ettirmoqda. Hozir uning 19 mingta sentrifugasi bor. Uranni boyitish, asosan, ikkita joyda amalga oshiriladi. Bu yerda o’rtacha darajada boyitilgan 20 foizli uran mavjud. Lekin bu bitta atom bombasini yasash uchun kamlik qiladi. Ammo ular dasturni rivojlantirishda davom etmoqda”, - deydi u.

Rubinga ko’ra, Eron plutoniy ishlab chiqaradigan zavod ham qurmoqchi. Bu modda ham yadro qurolini yasashda ishlatilishi mumkin.

AQShning BMTdagi sobiq vakili Jon Boltonni dasturning boshqa jihati tashvishga soladi.

“Xavotirim shuki, dasturning biz bilmaydigan jihatlari ham bor. Eronliklar Shimoliy Koreya yordami bilan boshqalarni chalg’itib va vaqtdan yutib yadro qurollarini ishlab chiqarish ustida ishlayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi u.

Eronni yadro dasturidan voz kechishga majburlash uchun so’nggi yillarda BMT Xavfsizlik kengashi iqtisodiy jazo choralari bo’yicha bir qator rezolyutsiyalar qabul qildi. Bundan tashqari, AQSh va boshqa davlatlar Tehronga qarshi o’zlarining mustaqil jazo choralarini tatbiq etgan.

Eron va G’arb o’rtasida ko’p yillardan beri davom etayotgan muzokaralar esa biror ijobiy natija bergani yo’q. Ammo tahlilchilar fikricha, iyun oyida Hasan Ruhoniyning Eronga prezident etib saylanishi oqibatida siyosiy muhit iliqlashmoqda.

Ayniqsa, shu oy boshida Jenevada o’tgan navbatdagi muzokaralar tomonlarda umid uyg’otdi. Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton Jeneva muloqotini shu paytgacha o’tkazilgan “eng batafsil muzokara” deb atadi.

Muloqot doirasida Eron delegatsiyasi yangi takliflar bilan chiqqan. Qurollarni nazorat qilish assotsiatsiyasi rahbari Daril Kimbalga ko’ra, taklif shartlari hali ma’lum emas.

“Bu ijobiy holat. Chunki tomonlar o’z yurtlarida obro’ qozonish uchun muzokara tafsilotlarini ommaga oshkor etmayapti. Ular haqiqatdan ham jiddiy natijaga erishish niyatida”, - deydi u.

Tahlilchilar taxminicha, Eron G’arbning jazo choralaridan qutilish uchun aniq qadamlardan iborat taklif bilan chiqqan.

Ammo har qanday muloqot ijobiy yakun topishi uchun tomonlar, avvalo, o’zaro ishonchsizlikdan qutilishi kerak, deydi tahlilchi Rubin.

“Tomonlar o’rtasida o’ttiz yildan ziyod davom etayotgan kuchli ishonchsizlik bor. AQSh Eronni terror homiysi deb atagan. Eronda inson huquqlari haddan ziyod poymol etiladi. Shuningdek, Eron va Isroil hamda Fors ko’rfazi davlatlari o’rtasida Suriya va boshqa masalalar yuzasidan mintaqaviy ixtiloflar bor. Ya’ni vaziyat murakkab”, - deydi tahlilchi Rubin.

Muzokaralarning navbatdagi bosqichi noyabr boshida yana Jenevada bo’lib o’tadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG