Breaking News

Obama bilan uchrashuv taklifini Eron tarafi rad etgan


Obama bilan uchrashuv taklifini Eron tarafi rad etgan/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:31 0:00
Yuklab oling

Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 68-sessiyasi davom etyapti. 130 dan ortiq davlat rahbarlari qatnashyapti.

AQSh va Eron prezidentlari tashkilot minbarida so’zladi, ammo yuzma-yuz ko’rishmadi.

Hasan Ruhoniy Eron prezidenti sifatida ilk bor dunyo ahliga murojaat qildi. AQSh bilan munosabatlar tiklanishiga umid bildirdi.

“Oradagi kelishmovchiliklarni hal qila olishimizga ishonaman”, - deydi u.

Ammo Ruhoniyning so’zlari shundan dalolatki, Eron yadro masalasida fikridan qaytmaydi.

“Eron o’z yerida uranni boyitishga va yadro sohasida tadqiqotlar olish borishga haqli. Bu huquqimizni hurmat qilsangiz, muzokaraga yo’l ochiladi”, - dedi Ruhoniy.

Sessiya boshida nutq so’zlagan prezident Barak Obama diplomatiya kuchiga ishonishini aytdi.

“Prezident Ruhoniy o’z xalqi ishonchini qozonib, mo’tadil yo’ldan borayotganini olqishlaymiz. Murosa yo’lida to’siqlar ko’p bo’lishi aniq, lekin diplomatiyaga albatta imkoniyat berish kerak”, - dedi AQSh rahbari.

Obamaning so’zlarida ehtiyotkorlik seziladi, deydi Jo Sirinsione, dunyoni atom qurollaridan tozalashga ahd qilgan jamg’arma vakili.

“Obama Eronga qo’l uzatyapti va Tehrondan ham shunday ijobiy javob kutayapti”, - deydi ekspert.

Mehmonlar sharafiga berilgan ziyofatda Barak Obama va Hasan Ruhoniy salom-alik qilishiga umid bor edi, ammo Tehron “murakkab masala” deya bu taklifga rozi bo’lmagan. Siyosiy tahlilchi Jessika Takman bundan hayron emas.

“Ruhoniy Eron oliy rahbaridan oq fotiha olgan bo’lsa-da, hozirgi tashabbuslarga tish-tirnog’i bilan qarshi turgan boshqa siyosatchilar ko’p. Bu dinamikani darhol o’zgartirib bo’lmaydi”, - deya izohlaydi u.

Shunday bo’lsada, islomiy respublika muloqotga ochiqligini ma’lum qilayapti. Birinchi qadam tashlandi.

Siyosatdon Jeniv Abdoning aytishicha, AQSh Eronni ishontirishi kerakki, o’zgarishdan ularning o’zi ham manfaatdor. Uzoq, murakkab bir jarayonda siljish boshlandi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yaqin orada Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bilan ko’rishishi rejalangan. So’nggi bir necha o’n yillikda yuqori darajadagi ilk uchrashuv bo’ladi bu.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG