Breaking News

AQSh Kongressi shu hafta Eronga nisbatan yangi sanksiyalar qabul qilishi mumkin


Eronga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori, respublikachi senator Bob Korker
Eronga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish tarafdori, respublikachi senator Bob Korker
AQSh Kongressi shu hafta Eronga nisbatan yangi sanksiyalarni o’z ichiga olgan chorani tasdiqlashi mumkin. Oq uy qonunchilardan bunday qilmaslikni so’rab, qo’shimcha sanksiyalar Eron yadro dasturini cheklashga qaratilgan diplomatik harakatlarga pand berishini aytmoqda.

O’tgan oy Jenevada AQSh ishtirokida kechgan xalqaro muzokaralarda Eron atom dasturi bo’yicha ayrim masalalarda xalqaro hamjamiyat talablarini bajarishga rozi bo’ldi. Buning evaziga unga qo’yilgan sanksiyalarning bir qismi bekor qilinadi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, aynan qattiq iqtisodiy sanksiyalar Tehronni murosa qilishga majburladi.

Endi esa AQSh Kongressidagi ayrim qonunchilar yangi sanksiyalarni joriy etib, Eronga bosimni yanada oshirmoqchi.

Respublikachi senator Lindsi Grexemning aytishicha, sanksiyalarning qo’yilgani hamda AQSh va Isroilning harbiy zarba haqidagi do’q-po’pisalari Tehronni muzokara qilishga majburladi.

"Bu yo’ldan qaytsak, Eron harakatlarimizni noto’g’ri talqin qilib, majburiyatlarini bajarmasligi mumkin", - deydi senator.

Kongressning ayrim a’zolari Jenevada erishilgan boshlang’ich bitim Eronda uranni boyitish jarayonini to’xtata olmaydi, degan fikrda.

Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi, respublikachi Bob Korker shulardan biri.

Uning aytishicha, Eron kabi maxfiy dasturga ega va egri yo’ldan ketayotgan davlatlar uranni boyitishda davom etadi va dunyoning boshqa burchaklarida AQShning bu boradagi muzokaralariga pand beradi.

Obama ma’muriyatiga ko’ra, yangi sanksiyalar Eron bilan erishilgan bitimga zid bo’lib, AQSh va uning xalqaro hamkorlari o’rtasidagi aloqalarga putur yetkazishi, ularni bo’lib qo’yishi mumkin.

Prezident Barak Obama diplomatiyaning ish berishi uchun vaqt kerak, deydi.

"Agar bitimda ko’zlangan olti oylik muhlat so’nggida Eron uning shartlariga jiddiy yondashmaganini ko’rsak, sanksiyalarni tiklab, joyiga qaytarib qo’yamiz", - deydi AQSh rahbari.

Dastlabki bitimga muvofiq, xalqaro inspektorlar Eron yadro inshootlarini kundalik ravishda tekshirib turadi.

AQSh Davlat departamentida yadro qurollarini tarqatmaslik masalalari bo’yicha maslahatchi lavozimida ishlagan Robert Aynxornning aytishicha, bitim shartlari ijrosi qattiq nazorat qilinadi.

"Bu ishda yolg’iz ishonchga tayanib bo’lmaydi. Monitoring choralari kuchli bo’lishi, Eron bayonotlari va ma’lumotlarini tasdiqlashning samarali mexanizmi bo’lishi lozim", - deydi hozirda Brukingz tahlil institutida ishlayotgan sobiq rasmiy.

Boshlang’ich bitim olti oyga mo’ljallangan bo’lib, uning shartlari ijro etilayotgan bir paytda muzokarachilar keng qamrovli yakuniy hujjat ustida ishlaydi. Bunday shartnoma Eron yadro dasturining tinch maqsadlarga qaratilganini kafolatlashi ko’zda tutilgan.

Vashingtondagi Xeritij jamg’armasi tahlil markazida ekspert Jeyms Fillips asosiy bitim imzolanishiga ishonmaydi.

"Eron o’tmishda va’dalarini bir necha bor buzganini ko’rganmiz. Nazarimda, kelasi olti oyda quruq gapdan nariga o’tilmaydi", - deydi Fillips.

AQSh davlat kotibi shu hafta Kongressda ushbu mavzu bo’yicha hisobot beradi. Jon Kerri qonunchilarni yangi sanksiyalarni qo’llash fikridan qaytarishga harakat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG