Prezident Obama: Eron bilan yadroviy masalada kelishsa bo'ladi

  • Amerika Ovozi

Amerika rahbari Barak Obama nazarida Eron bilan yadro dasturi borasida murosaga erishish mumkin. Ikki davlat to'laqonli diplomatik muloqotni tiklashi uchun eng muhim qadam shu bo'ladi, deydi prezident.

AQSh matbuotiga bergan intervyusida Obama Eron o'z yadro dasturi faqat tinch maqsadni ko'zlashini namoyish etsa, rishtalar ham yaxshilanadi. Shunda Eron sanksiyalardan xalos bo'lib iqtisodiyoti gurkirab o'sadi va xalqaro hamjamiyat safiga qo'shiladi, deydi Obama.

Amerika rahbarining aytishicha, Eron hozirgi izolyatsiyadan qutilishi, yadro dasturi atrofidagi tugunni yechishi mumkin. Eron rasmiylari bu imkoniyatdan foydalanishi kerak, deydi Obama.

Qo'shma Shtatlar shu oy Kuba bilan yarim asrlik nizoni yakunlashi ortidan Tehron bilan ham orani yaxshilaydimi, degan savolga Obama "eshiklarni hech vaqt taqa-taq yopmaymiz", degan.

1980-yilda Eronda Amerika elchixonasi qamal qilinib, xodimlari asirga olinganidan keyin Vashington Tehron bilan diplomatik aloqalarni uzgan.

Oxirgi yillarda Qo'shma Shtatlar Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Germaniya bilan yaqindan ishlab Eronni yadroviy izlanishlarini qisqartirishga ko'ndirishga urinayapti. Maqsad, deydi Oq uy, Tehron atom quroli ustida ishlamayotganiga ishonch hosil qilish. Eron bu dasturi biror harbiy maqsadni ko'zlamasligini ta'kidlaydi.

Taraflar shu yilning oxirida yadroviy mojaroni bir yoqli qilishi kutilgan edi. Biroq muzokarachilar bir to'xtamga kelmagach, muloqotni kelasi yil davom ettirishga qaror qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG