Breaking News

AQSh va Fransiya Iroqqa gumanitar, harbiy yordam yetkazyapti


AQSh Mudofaa vazirligi Iroq shimolidagi vaziyatni o’rganib, qochqinlarni evakuatsiya qilishga qaratilgan operatsiyani qoldirishga qaror qildi.

Mudofaa vaziri Chak Xeyglning aytishicha, o’tgan hafta ichida islomiy jangarilar o’nlab marotaba havodan nishonga olindi, qochqinlarga minglab tonna oziq-ovqat yetkazildi. Vaziyat avvalgidek xarob emas.

Atigi bir necha kun oldin Iroqning kurd va yazidiy jamoalari Sinjar to’g’larida, jangarilar qurshovida qolgan edi.

Iroq va Shom islomiy davlati, katta bir hududda xalifalik e’lon qilgan jangari guruhga qarshi kurashni kuchaytirish, gumanitar inqirozni bartaraf etish maqsadida Qo’shma Shtatlar Irbil va Bag’dodga yuzlab mutaxassislarni yuborgan.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl bu jangovar missiya emasligini alohida ta’kidlamoqda.

“Iroq qurolli kuchlariga maslahat-yo’l ko’rsatish, qochqinlar ehtiyojlarini o’rganish, jangarilar qanchalik xavf tug’dirayotganiga baho berishdan iborat bu missiya”, - deydi u.

Siyosiy tahlilchi Rik Brennan fikricha, AQSh yaqin kelajakda Iroqda maxsus kuchlar sonini yanada oshirsa ajabmas.

“Prezident Obama shimolda yirik shaharlarni bosib olgan jangari guruhni yo’q qilish haqida so’z ochmayapti. Vaholanki, nafaqat Iroq balki Suriya, Iordaniya, Livan, qolaversa, Isroil va Misr xavf bilan yuzlashyapti. Obama ma’muriyati keng qamrovli bir strategiya bilan chiqishi lozim”, - deydi Brennan.

Qo’shma Shtatlar Iroqda hukumat yangilanayotganini olqishlamoqda. Bosh vazir lavozimiga parlament spikeri o’rinbosari Haydar al-Abadiy ko’rsatilgan.

Amaldagi shia bosh vazir Nuri al-Malikiy hokimiyatda qolish uchun jon-jahdi bilan harakat qilayapti va sudga arz qilmoqchi. Xalqaro hamjamiyat, jumladan Malikiyning eng yaqin ittifoqchilari ham uni mamlakatni parokanda qilganlikda ayblaydi.

Iroq va Shom islomiy davlati degan ekstremistlar Iroq shimolini bosib olganidan buyon AQSh bu davlat rahbarlarini birdamlikka chaqirib keladi. Mazhabchilikka chek qo’yib, tahdidni bartaraf etishga e’tibor qarating, deya da’vat etadi.

Iroq prezidenti Fuad Massum parlament spikeri o’rinbosari Haydar al-Abadiyni bosh vazirlikka ko’rsatdi va yangi hukumat tuzish uchun bir oy muhlat belgiladi. Malikiyning sakkiz yillik boshqaruvi Iroqda diniy nifoq avj olgani bilan esda qoladi.

Bosh vazirlikka tayinlangan siyosatchi ham shia mazhabidan. Ammo Malikiyning tarafdorlari qarordan norozi va namoyishlar uyushtirmoqda. Malikiyning o’zi prezident uni uchinchi muddatga tayinlamagani uchun sudga arz qilmoqchi.

Prezident Barak Obama Iroq yuzasidan qilgan bayonotida Malikiyni tilga olmadi. Mamlakatda yashovchi turli etnik guruhlarni birlashtirish uchun muhim qadam qo’yildi, deya maqtadi u. Obama Haydar al-Abadiy bilan telefonda muloqot qilib, Qo’shma Shtatlar yordamga tayyor, deb ishontirgan.

“Jangarilar Iroqdagi diplomatlarimiz va harbiy mutaxassislarga tahdid solishiga yo’l qo’ymaymiz. Ular bilan kurashda Bag’dodga ko’maklashyapmiz. Gumanitar ahvolni o’rganish, qochqinlarga yordam berish uchun bu davlatga qo’shimcha 130 harbiy maslahatchini yo’lladik”, - deydi u.

Nuri al-Malikiy haqiqatni tan olishdan bosh tortayotgan bo’lsa-da, uning safdoshlari va qo’shni davlatlar ham Iroqqa yangi rahbar kerakligini tushunadi, deydi siyosatshunos Deyvid Pollok.

“Iroqda siyosiy vaziyat murakkab bir nuqtaga kelib qoldi. Barchaga teng qaraydigan yangi hukumat tuzilishi kerak. Mamlakatda ahvol shundoq ham og’ir. Shimolda islomiy jangarilar bilan kurash ketayapti.

AQSh qiruvchi samolyotlari shu kungacha jihodchilarni havodan o’nlab marta nishonga oldi. Sinjar tog’larida jon saqlayotgan qochqinlarga, xususan yazidiylar jamoasiga tonnalab oziq-ovqat va suv yetkazilyapti. Fransiya esa jangarilar bilan kurashish uchun kurdlarga qurol uzatmoqda.

AQSh armiyasi generali Vilyam Meyvilning aytishicha, havodan amalga oshirilayotgan hujumlar Iroq va Kurdiston qurolli kuchlariga dalda berayapti. Jangarilar Irbil shahriga kira olgani yo’q va chekinishga majbur.

“Iroq shimolida biz o’tkazgan operatsiya natijasida ekstremistlar oldingidek shiddat bilan harakat qila olgani yo’q, ularning Irbil tomon yurishiga to’siq qo’ydik. Ammo havo hujumlari - vaqtinchalik chora. Iroq va Suriyaning boshqa hududlari xavfdan xoli emas”, - deydi general.

Deyvid Pollok tahlilicha, AQSh o’z zimmasiga olgan harbiy va gumanitar missiya tobora kengayib, jihodchilarni yengishga katta hissa qo’shmoqda.

“Iroqni ishg’ol qilgan esktremistlar mag’lub bo’lish arafasida emas, lekin har holda xatarni bartaraf etishga kuchimiz yetadi”.

Iroqda ishlayotgan amerikalik diplomat va mutaxassislarni himoya qilish bosh maqsad. AQSh u yerda yana bir urush boshlash niyatidan yiroq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG