Iroqdagi urushdan qaytganlar va qaytmaganlar


Iroqning katta shaharlari janglarilar qo’liga o’tayotganini ko’plab amerikaliklar, xususan faxriylar yaqindan kuzatmoqda. Sakkiz yil davom etgan urushda 4500 amerikalik askar qurbon bo’lgan. Ularning yaqinlari qon bilan erishilgan g’alabaning boy berilayotganini ko’rib, qayg’urmoqda.

Kori Tompson uchun bu shunchaki motosikl emas, o’g’lidan qolgan yodgorlik. Kapral Maykl Tompson 2008-yilda Iroqning Talil havo bazasi yaqinida vertolyot falokatida nobud bo’lgan.

“Ularning chaqiriq signali “Qizil daryo 44” edi. Talilga yaqinlashganida balandlikni yo’qotgan. Boshqa vertolyotdagi yigitlar o’g’limning vertolyoti yerga qulaganini ko’rgan,” - deydi ota.

Bu Tompsonning Iroqqa ikkinchi borishi edi. Xizmatga o’z ixtiyori bilan yozilgan, jang maydonida orttirgan tajribasi foyda berishiga ishongan, deydi ota.

“Maykl g’ururga to’lgan damlarini hikoya qilib berardi. Iroqda o’tgan saylovlarda odamlar kelib ovoz bergani, uchastkadan chiqqanida barmog’i siyohga botirilgani haqida gapirib berardi. Bundan juda faxrlangan o’g’lim,” - deydi Kori Tompson.

Illinoysdagi Erkinlik motosikl sayli aynan Maykl singari askarlarga bag’ishlanadi.

Marsel shahrida Yaqin Sharqdagi mojarolarda halok bo’lganlar sharafiga o’rnatilgan xotira devori bor.

Jang maydonidan qaytmagan o’g’il-qizlarning ismlari qora marmarga abadiy muhrlangan va birma-bir yodga olinadi.

“Olis o’lkalarda xizmat qilgan zobitlarimizni hech qachon unutmaymiz. Yodimizda va yuragimizda abadiy qoladi,” - deydi marosim tashkilotchisi Reymond Prokaski.

Uning fikricha, prezident Obama Iroqqa qo’shin yubormay xato qilayapti.

“Iroqliklarning qayta oyoqqa turishini istasak, chekinish to’g’ri emas. U yerda nima bo’layotganini ko’rib turibmiz axir. Prezident bunday bayonotlar bermasligi kerak edi”.

Kongressmen Adam Kinzinger bu xususida shunday deydi:

“Oq uy Iroqqa yuborayotgan maslahatchilar va maxsus bo’limlarni qo’shin deb bo’lmaydi. Havo hujumlari ham muhim, deb hisoblayman”.

Kinzinger harbiy uchuvchi bo’lgan, Iroq urushi qatnashchisi. Havo hujumlari hamda dronlar yordamida jangarilarga jiddiy zarba bersa bo’ladi, deb ishonadi.

“Yovuz kuchlarni, “Iroq va Shom islomiy davlati” degan guruhni haydashimiz kerak,” - deydi u.

Kori Tompson esa “menga qolsa, barcha askarlarimizni u yerdan olib chiqaylik. Iroqliklar bir-birining go’shtini yeyaversin. Azaldan shunday bo’lgan, ularni hech kim to’xtata olmaydi,” - deydi.

Iroq yorug’ kunlarni ko’radi deb qurbon bo’lgan o’g’lim hozirgi vaziyatni ko’rganida hafsalasi pir bo’lgan bo’lardi, deydi ota. Lekin u armonsiz ketdi, deydi u.

“Ayrimlar o’g’illarimiz bekorga o’lib ketdi, deganini eshitganman. Lekin Maykl bekorga qurbon bo’lmadi. U ezgu maqsadga ishongan”.

Aynan shu maqsad deb u umrini fido qildi. Qurbonlarni sharaflab, iroqliklar o’z erkinligini himoya qilsin, deydi Kori Tompson.

XS
SM
MD
LG