AQSh Iroqdagi siyosiy inqirozdan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Oq uy Iroqda siyosiy inqiroz kuchayib borayotganidan va bu hol "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni zaiflashtirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. AQShga ko'ra, jangarilarni yengish uchun Iroqqa barqaror va kuchli markaziy hukumat kerak.

Hukumatdagi korrupsiya va tanish-bilishchilikdan to'ygan iroqliklar Bag'dodning yaxshi himoyalangan Yashil zonasiga bostirib kirdi.

“Islohotlar bo'lmasa, hukumat butunlay iste'fo berishi kerak”, - deydi Shayx Sabah ismli namoyishchi.

Namoyishlar tepasida ko'zga ko'ringan shia ulamosi Muqtada al-Sadr turibdi. U shia Bosh vazir Haydar Abadiy hukumatiga bosim qo'ymoqda. Mamlakat nafaqat mazhablarga bo'lingan, balki mazhablar ichida ham bo'linish kuzatilmoqda.

AQShning Iroqdagi sobiq elchisi Jeyms Jeffri Iroq barqarorlashishiga shubha bilan qaraydi.

Qo'shma Shtatlar Abadiyning barcha diniy va etnik guruh vakillarini o'z ichiga olgan markaziy hukumatni tuzish harakatlarini qo'llab-quvvatlamoqda. Shundagina "Islomiy davlat"ni mag'lub etish mumkin bo'ladi.

Prezident Obama Bag'dodni hukumatni tuzish jarayonini tezlatishga chaqirdi.

"Hukumat qanday bo'lishini iroqliklarning o'zi hal qilishi kerak, albatta, ammo Iroq barqarorligi uchun Vazirlar mahkamasi va hukumat tarkibini tezroq aniqlash zarur", - dedi u.

Sobiq elchi Jeffrining aytishicha, Qo'shma Shtatlar zaif hukumatdan jangarilarga qarshi samarali jang qilishini kutmasligi kerak.

“Ittifoqchilarni topib, ular bilan "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni davom ettirishimiz kerak. Agar Iroq hukumati bu ishda layoqatsiz va harakatsiz ekanini ko'rsak, kurdlar, mahalliy sunniy qabilalar bilan hamkorlik qilishimiz, ularni mashqdan o'tkazishimiz kerak", - deydi diplomat.

AQSh havo zarbalari va harbiy maslahatchilari yordamida Iroq armiyasi va mahalliy kuchlar so'nggi oylarda jang maydonida qator yutuqlarni qo'lga kiritdi,

ammo "Islomiy davlat" hali ham katta hududlarni nazorat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG