Iroq jihodchilar changalida, fuqaro urushi xavfi bor

  • Amerika Ovozi

Iroqning katta hududlarini bosib olgan islomiy jangarilar Bag’dodgacha ham yetib boramiz, deya dag’dag’a qilayapti.
Zobitlar bazalarini tashlab qochgani, ushlanganlari esa qatl etilganini ko’rsatuvchi tasvirlar internetda joylashtirilgan. Kuzatuvchilar fikricha, mamlakat fuqaro urushi tomon yo'nalmoqda.

Iroq va Shom islomiy davlati nomli jangari guruh Mosul, Tikrit va boshqa shaharlarga shiddat bilan kirib borgani Iroq hukumati va qurolli kuchlarini esankiratib qo’ydi.

Mahalliy armiya jihodchilarga jiddiy qarshilik ko’rsata olgani yo’q, deydi Iroq parlamenti spikeri Usama al-Nujayfiy.

“Mosul aeroporti, samolyotlar, boshqaruv tizimlari va hatto qurol omborlari – hammasi ular qo’liga o’tgan. Qamoqxonalardan jinoyatchilar qo’yib yuborildi, bu mamlakat uchun fojia”, - deydi qonunchi.

Uch yil ilgari qo’shinlarini Iroqdan olib chiqqan Qo’shma Shtatlar samolyot tashuvchi bir kemasini Fors ko’rfaziga jo’natdi.

“Ammo Iroqqa Amerika zobitlari ortiq qadam bosmaydi”, - deydi prezident Barak Obama. U xavfsizlik kengashi bilan maslahatlashib, terrorizmga qarshi kurashda Bag’dodni qo’llab-quvvatlaymiz, deydi.

Iroqdan kelayotgan tasvirlarda jangarilar yirik harbiy garnizonlarni va ulardagi qurol-aslahani qo’lga kiritganini ko’rish mumkin.

Yuziga niqob tortgan odamlar “Bag’dod tomon olg’a” degan hayqiriqlar bilan harbiy mashinalarda Mosul ko’chalaridan o’tdi.

Askarlar esa formasini tashlab, egallab olingan shaharlardan qochgan, yuzlab nafari asirga tushgan.

Siyosatshunos Maykl Oxanlonga ko’ra, bu voqealarning Iroq kelajagi uchun asoratlari dahshatli. Yirik shaharlar birin-ketin fuqaro urushiga tortilmoqda, deydi u.

Minglab iroqliklar uy-joyini tashlab ketgani Yaqin Sharqda yana bir gumanitar inqiroz boshlanayotgani alomatidir.

“Jihodchilar shunday katta operatsiya rejalaganidan AQSh razvedkasi bexabar. Iroq armiyasi ham bosqinga tayyor emasdi”, - deydi tahlilchi Maykl Rubin.

Kirkuk shahrida soldatlar tashlab qochgan harbiy-tekshiruv punktlari hozir kurdlar qo’liga o’tgan.

Minglab iroqliklar ekstremistlarga qarshi kurashamiz, vatanni himoya qilamiz deb armiya safiga qo’shilmoqda. Hukumat sunniy jangarilarni shaharlardan siqib chiqarish uchun ana shu ko’ngilli xizmatchilar yordamiga tayanmoqda.

AQSh 2011-yilda Iroqdan askarlarini olib chiqqan edi. Shu yil dekabriga borib, Afg’onistonda ham jangovar missiya yakun topadi.

Lekin, deydi Maykl Rubin, milliardlab dollar mablag’ evaziga treningdan o’tkazilgan Iroq qurolli kuchlari nimaga qodir ekani ko’rinib turibdi. “Afg’onistonda ham vaziyatga real baho berish kerak”, deydi u.

Iroq va Shom islomiy davlati jangarilari avvalo poytaxt Bag’dodga yurish qilmoqchi, so’ngra janubiy hududlarga ham ko’z tikkan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG