Iroq Tikrit shahrini ozod etishda koalitsiyadan yordam so'radi

  • Amerika Ovozi

AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroqning Tikrit shahrida "Islomiy davlat" manzillarini havodan bombardimon qilmoqda. Bosh vazir Haydar al-Abadiy bu strategik hududni ekstremistlardan tozalashda yordam so'ragan.

Shu paytgacha operatsiya koalitsiya ishtirokisiz kechayotgan edi. Iroq qurolli kuchlari hamda Eron quvvatlovidagi shia jangchilar Furot daryosi bo'yidagi bir necha shahar-qishloqlarni ozod etgach, so'nggi ikki haftada "Islomiy davlat" nihoyatda kuchli qarshilik ko'rsata boshlagan.

"Koalitsiya samolyotlari jangari manzillarini aniqlik bilan nishonga oladi. Aholi orasida talafotlarni va vayronagarchilikni kamaytirish maqsadimiz", - deydi AQSh generali Jeyms Terri.

Tikrit shahri Salohiddin viloyatining poytaxti bo'lib, Bag'dod va Mosul orasida joylashgan. Iroqning ikkinchi eng yirik shahri bo'lmish Mosulni o'tgan yili yozda "Islomiy davlat" bosib olgan edi.

Bosh vazir Haydar Abadiy kecha xalqqa telemurojaatida operatsiya muvaffaqiyatli yakun topishiga ishonch bildirdi. Xalqaro koalitsiya o'tgan yilning avgustidan buyon Iroqning jihodchilar nazoratidagi hududlariga 1700 bomba tashlagan.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, havo hujumlari natijasida bugun "Islomiy davlat" boshqarayotgan territoriya taxminan 25 foizga qisqargan, guruhning minglab a'zolari o'ldirilgan va ta'minot yo'llari yo'q qilingan.

Tikrit shahrini qaytarib olish operatsiyasida Iroq askarlari va Eron tomonidan qurollantirilgan jami 20 ming sonli qo'shin ishtirok etmoqda. Ammo AQShning bildirishicha, Tehron bilan orada harbiy hamkorlik yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG