AQSh Iroqqa qo'shimcha 400 askar yuborishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Iroq, AQSh va Ispaniya qo'shinlari Bag'dod yaqinida mashq qilmoqda. 27-may, 2015-yil

Iroq, AQSh va Ispaniya qo'shinlari Bag'dod yaqinida mashq qilmoqda. 27-may, 2015-yil

Prezident Barak Obama Iroqqa qo'shimcha bir necha yuz harbiyni yuborishi kutilmoqda. Qaror eng ertasi bilan shu hafta qabul qilinadi. Harbiylar Iroq qo'shinlarini "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga tayyorlaydi.

Xabarlarga qaraganda Pentagon 400 tagacha askarni Iroqqa yuborishi mumkin. O'tgan yili "Islomiy davlat" Iroqda katta hududlarni egallab olgach, Prezident Obama buyrug'i bilan uch ming harbiy Iroqqa safarbar etilgan edi. Ular ayni paytda mahalliy xavfsizlik kuchlarini tayyorlamoqda, ularga maslahat bermoqda. Pentagon nazarida Iroq armiyasi jangarilarga bas kela olmayapti.

Rejaga ko'ra, Anbar viloyatida harbiy tayyorgarlik bazasi o'rnatiladi. Viloyat poytaxti Ramadi o'tgan oydan beri jangarilar nazoratida. Shahar poytaxt Bag'doddan 120 kilometr narida joylashgan. Ramadi uchun janglarda Iroq armiyasiga sunniy qurolli guruhlar yordam bermoqda.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Alistar Baskining aytishicha, Oq uy turli imkoniyatlarni o'rganmoqda.

Obamaga ko'ra, amerikalik murabbiylar tayyorgarligidan o'tgan Iroq askarlari yaxshi jang qilmoqda. AQSh rahbari bilan Germaniyada muloqot qilgan Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy bu fikrga qo'shilgan holda Amerikadan Iroq harbiylari tayyorgarligini kuchaytirishni so'ramoqda.

AQSh yetakchiligidagi davlatlar koalitsiyasi sentabr oyidan beri Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ni havodan nishonga olib keladi. Ma'lumotlarga ko'ra, shu kungacha 4400 dan ziyod zarbalar berilgan.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, havo hujumlari va harbiy tayyorgarlikni o'z ichiga olgan strategiya ish bermoqda.

"Ayrim hududlarda xalqaro koalitsiyadan havodan madad olayotgan mahalliy kuchlar nafaqat g'ayrat bilan, balki samarali jang qilmoqda. Natijada "Islomiy davlat" Tikrit va Hadichadan, Anbarning Bag'dodiy shahridan siqib chiqarildi. Bu strategiya borligidan, muvaffaqiyat formulasi borligidan dalolat", - deydi rasmiy.

Tanqidchilar Obamani "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda puxta strategiya yo'qligida ayblaydi. Buni davlat rahbarining o'zi ham dushanba kuni tan olgan. Ayrimlar AQSh armiyasi jangga kirishmasa, g'alaba bo'lmasligini aytib keladi, biroq saylov kampaniyasi paytida qo'shinlarni Iroqdan chiqarishga va'da berib, va'dasining ustidan chiqqan Obama ularni qaytib Iroqqa jo'natmoqchi emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG