Iroq fuqarolar urushiga tortilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Kirkuk shahrida yuz bergan portlashdan keyingi manzara, Iroq, 8-may, 2013-yil.

Kirkuk shahrida yuz bergan portlashdan keyingi manzara, Iroq, 8-may, 2013-yil.

Iroqda siyosiy inqiroz yanada chuqur ildiz otib, qonli zo’ravonliklar keti uzilmayapti. Ayrim tahlilchilar nazarida mamlakat fuqarolar urushi yoqasida turibdi. Ayniqsa, AQSh askarlari Iroqni tark etgandan beri mazhablararo ziddiyat yanada kuchaygan.


O’tgan aprel oyi so’nggi besh yil ichida Iroq uchun eng qonli davr bo’ldi. BMT ma’lumotiga ko’ra, bir oy ichida halok bo’lganlar soni 700 dan oshgan. Abdulloh Hasan Bag’doddagi portlashlardan biriga guvoh bo’lgan fuqarolardan.

“Bu oddiy odamlar nima gunoh qilgan edi? Ularning ko’pi o’ldi yoki majruh bo’ldi”, - deydi u.

2011-yil AQSh kuchlari Iroqni tark etgach, mamlakatda shia va sunniy musulmonlar to’qnashuvi avj oldi. Sobiq AQSh elchisi Jeyms Jeffri ahvol juda tashvishlanarli ekanini aytadi.

“Iroq xavfsizlik kuchlari hamda sunniy namoyishchilar, sunniy jangarilar va Al-Qoidaning mintaqadagi guruhi o’rtasidagi ziddiyat juda tarang”, - deydi u.

O’tgan oy hukumat kuchlari Kirkuk shahri yaqinida sunniy namoyishchilarni kuch bilan tarqatgach, ixtiloflar yanada qonli tus oldi. Shundan so’ng ro’y bergan to’qnashuvlarda o’nlab odam halok bo’ldi.

Iroq siyosatida ham mazhablararo ziddiyat yaqqol ko’zga tashlanadi. Hukumat hokimiyatni shia, sunniy va kurd guruhlari o’rtasida qanday bo’lishishni bilmayapti.

AQSh Tinchlik instituti tadqiqotchisi Sarhang Hamasaidning aytishicha, siyosiy faoliyat boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

“Parlament, vazirlar kengashi va hududiy kengashlarda diniy va mazhablararo bahs-munozara avj olgan. Ular o’rtasida haqiqiy muloqot olib borishning imkoni yo’q”, - deydi u.

Ayrim tahlilchilar fikricha, aholi orasida bo’linish va diniy ixtilofni yanada kuchaytirish uchun Al-Qoidaga aloqador jangarilar ataylab masjidlar va boshqa fuqaro markazlarini nishonga olmoqda.

O’tgan bir necha yil ichida o’n minglab aholi halok bo’lgan. Tartib o’rnatish uchun bu yerda endi AQSh askarlari yo’q.

Siyosiy sharhlovchi Sarmad Al-Tayiga ko’ra, guruhlar hozir kelajak uchun urush olib bormoqda.

“Shu paytgacha fuqarolar urushi ilgari ro’y bergan voqealar uchun qasos olish maqsadida olib borildi. Endi esa Iroq kelajagi uchun urushishyapti”, - deydi u.

Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy esa taraflarni tinchlik va muloqot o’rnatishga chorlaydi.

“Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, agar mazhablararo urush alanga olsa, bundan hech kim g’olib chiqmaydi. Hammamiz yutqazamiz”, - deydi u.

Kuzatuvchilar fikricha, ilgari tinchlik saqlashga chaqirgan ayrim sunniy ulamolar ham hozir urushga da’vat etyapti. Ularning izdoshlari orasida qo’liga qurol olayotganlar bor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG