Breaking News

AQSh al-Qoida bilan olishayotgan Iroq hukumatiga harbiy yordam uzatadi


Qo’shma Shtatlar Iroqdagi voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda. Al-Qoida jangarilari u yerda ikki shaharni bosib olgan. Vashington Bag’dodga yordam tariqasida pilotsiz razvedkachi samolyotlar va raketalar yubormoqda.

Shu bilan birga, Iroq hukumatini, shia va sunniy qabila yetakchilarini jangarilarga qarshi birlashishga undayapti.

Anbar viloyatining Ramadi va Falluja shaharlarida armiya al-Qoidaga aloqador islomiy jangarilar bilan olishmoqda.

AQShning minglab qo’shinlari Iroqni 2011-yilda tark etganidan buyon Iroq markaziy hukumati bu kabi jiddiy xavf bilan yuzlashgan emas.

Zo’ravonliklar Amerika askarlari 2003-yili Iroqqa bostirib kirganidan keyingi vaziyatni eslatadi. Bosh vazir Nuri al-Malikiy qabilaviy yetakchilarni al-Qoidaga qarshi kurashga chorlayapti.

Bu hali boshlanishi, deydi Vashingtondagi Brukings tahlil institutidan Maykl Oxanlon.

“Muayyan bir hududga armiyani safarbar etib, bir guruhga qarshi jang boshlasangiz, shu mazhabdan bo’lgan boshqa guruhlar bosh ko’tarishi mumkin. Dushmanni yakson qilaman deb o’zingizga yangi dushman orttirgan bo’lasiz”.

Prezident Obama uch yil ilgari Iroqdan qo’shinlarni olib chiqqanini eng katta yutuqlaridan deb hisoblaydi. Tomonlar oz sonli amerikalik harbiylarni mamlakatda qoldirishga kelisha olmagan o’shanda.

Qo’shma Shtatlar Iroqqa askarlarni qayta yuborish fikridan yiroq, ammo Bag’dodga qurol va harbiy texnika yetkazmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Jey Karni respublikachi qonunchilarning tanqidiga javoban deydiki, Amerika qo’shini Iroqda mazhablararo mojaroni bartaraf etgan bo’lardi degan gaplar assosiz.

“Iroqda 150 minglik qo’shinimiz bo’lgan paytlarda ham turli mazhablar bir-biri bilan olishayotgan edi. 10 ming askarni qoldirgan taqdirda ham bu vaziyatga ta’sir eta olishimiz gumon edi”, - deydi Karni.

Harbiy tahlilchi Entoni Kordesmen fikricha, Anbardagi voqealar regionda sunniy va shialar o’rtasidagi kurashni aks ettiradi. Xo’sh, Qo’shma Shtatlar nima qilishi mumkin?

“Bizning vazifamiz - turli guruhlarni birlashtirishga harakat qilish. Malikiy hukumati masalaga bir tomonlama yondashmasligi, sunniylarga nisbatan munosabat o’zgarishi, siyosiy qatag’onlarga chek qo’yilishi kerak”, - deydi Kordesman.

Iroq urushida Amerika salkam 4,5 ming askaridan ayrilgan. Ommaviy so’rovlarga natijasiga qaraganda amerikaliklar “o’zi u yerda nimaga erishdik” deb hamon so’raydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG