Breaking News

"Islomiy davlat"ga qarshi kurash AQSh uchun bir kunda 9,7 million dollarga tushmoqda


AQSh rasmiylariga ko’ra, “Islomiy davlat” nafaqat vahshiy va qattol, balki yangi sharoitlarga tez moslashuvchan guruh hamdir. Shuning uchun bu jangarilarni butunlay yo’q qilish oson emas, deydi mamlakat harbiylari.

Terrorchi guruhga qarshi havo hujumlari boshlanganiga bir yil bo’lyapti. Bu orada koalitsiya a’zolarining kurash terminologiyasiga yangi bir ibora qo’shildi: “Islomiy davlat”ga qarshi kurash qimmatga tushmoqda.

Shu hafta Mudofaa vazirligi e’lon qilgan raqamlarga ko’ra, jangari guruhga qarshi amaliyotlar uchun Vashington 2014-yilning 8-avgustidan 2015-yilning 4-iyunigacha 2,74 milliard dollar sarflagan. Bu degani, bir kunda o’rtacha 9,1 million mablag’ ishlatilmoqda.

Xarajatlarning eng ko’pi havo kuchlari hissasiga to’g’ri keladi. Ular jami mablag’ning 67 foizini sarflagan bo’lsa, ikkinchi o’rinda dengiz floti 16 foiz ishlatgan.

Pulning yarmidan ko’pi - 1,5 milliard dollar AQSh qiruvchi samolyotlarini uchirish uchun ketgan. 646 million dollar esa o’q-dori uchun.

Pentagonga ko’ra, mablag’ behuda sarflanayotgani yo’q va barchasi ko’zlangan maqsadlarga erishish uchun o’z vazifasini yaxshi bajaryapti. Harbiylarning aytishicha, jangarilarga qarashli hududlarning 25 foizi, xususan, Tikrit, Sinjar, Amerli va Kobani kabi muhim shaharlar ozod qilingan.

“Kundalik xarajatlar o’sishda davom etadi, deb o’ylayman, - deydi Leksington instituti tahlilchisi Loren Tompson. – Chunki biz missiyaning juda sekin siljiyotganini ko’ryapmiz. Obama ma’muriyati maqsadini aniq aytmaguncha, sarflanayotgan pul o’zini oqlayaptimi yoki yo’qmi, bu haqda bilish juda qiyin”.

Mudofaa vazirligiga ko’ra, amaliyotlar avvalida kundalik xarajat 5,6 million dollarni tashkil etgan. Havo kampaniyasini Suriya hududiga ham kengaytirish bo’yicha qaror qabul qilingach, kundalik sarfiyat 9,7 millionga yetgan.

Bu raqamlarga ayrim sarf-xarajatlar kiritilmagan. Masalan, AQSh Iroq kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazish va qurol-aslaha bilan ta’minlash uchun 1,6 milliard dollar sarflagan.

Anbar viloyatidagi Taqaddum havo bazasi xarajatlari ham bu raqamga qo’shilmagan. U yerda 450 AQSh harbiysi maslahatchi sifatida Iroq askarlarini tayyorgarlikdan o’tkazadi. AQSh rasmiylari ayni paytda missiyaning sust ketayotgani haqidagi da’volarni inkor qiladi.

Pentagon harbiy amaliyotlar avvalida “Islomiy davlat”ga qarshi kurash kamida uch yil vaqt olishini ta’kidlagan. Agar hozirgi xarajatlar shu darajada davom etsa, jangarilar bilan olishuv AQSh uchun uch yil ichida 10 milliard dollarga tushishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG