Tahlilchilar: "Islomiy davlat" o'zini oxirzamon lashkari qilib ko'rsatyapti

  • Amerika Ovozi

Global ishtiyoqlarga ega "Islomiy davlat"ning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada davom ettirayotgan shafqatsiz kurashi ortida qanday mafkura yotibdi? Ayrim tahlilchilar nazarida jangarilar, asosan, oxirzamonga oid diniy bashoratlarga tayanmoqda.

"Islomiy davlat" o'z xatti-harakatlari bilan dunyoni hayratga solishda davom etmoqda.

Misr nasroniylarini qatl etish bo'ladimi, iordaniyalik uchuvchini yoqish yoki yazidiy ayollarini qul qilishmi, jangarilar uchun vahshiyliklarning chegarasi ko'rinmayapti. Ular sodir etgan har bir qonxo'rlikni video orqali dunyoga "ko'z-ko'z" qilmoqda.

Ayrim tahlilchilar fikricha, bu guruhning harakat rejasi VII asrda yozilgan diniy manbalardan olingan talqinga asoslanadi.

Yangi Amerika jamg'armasi vitse-prezidenti Piter Bergenning aytishicha, "Islomiy davlat" yetakchilari Qur'onning urushga chorlovchi talqiniga ishonadi.

"AQShni, yana 60 davlatni va butun arab dunyosini o'zingizga qarshi urushga chaqirish mantiqsizlik. Lekin ular mantiq bilan fikrlamayapti. Oxirzamon alomatlariga asoslangan mafkura bo'yicha ish tutishyapti", - deydi u.

Bergenga ko'ra, "Islomiy davlat" yetakchilari dunyo yaqin orada nihoyasiga yetadi, degan fikr bilan yashamoqda va shimoliy Suriyadagi Dabiq shahrida bo'ladigan so'nggi jangga hozirlanmoqda.

Diniy manbalarda bu jangda salibchilar va kofirlar musulmon armiyasi tomonidan tor-mor qilinishi aytiladi. Jangarilar shu bashoratdan ruhiy ko'mak olmoqda, deydi Bergen.

Massachusets universitetining Terrorizm va xavfsizlik masalalari markazi rahbari professor Jon Horgan ham shunday fikrda.

"Islomiy davlat" boshqalarni ham shunga ishontirishni xohlaydi. Din haqida, sivilizatsiyalar to'qnashuvi haqida gap ketganda, bu, albatta, kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Ular strategiyasining bir qismi bu", - deydi tadqiqotchi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, jangarilar o'zlarini ezgulik va yovuzlik o'rtasidagi muqaddas urushning markazida ko'rmoqda.

Piter Bergen ko'proq musulmon ulamolari bunday guruhlarni tanqid qilib chiqishi kerak, degan fikrda.

"Ular dunyoga salafiy va jihodiy nuqtai nazar bilan yondashadi. Ularga faqat mafkuraviy yo'l bilan javob qaytarish kerak. Shuni qilishga qodir musulmon olimlar va yetakchilar ularning islomni buzib ko'rsatayotganini isbotlab berishi kerak", - deydi tahlilchi.

Jangarilar safiga kelib qo'shilayotgan xorijliklarning aksariyati o'z yurtida biror muvaffaqiyatga erisha olmagan yoshlar ekani aytiladi.

Ularning hammasi ham rahbariyat kabi ashaddiy jihodchilar emas, deydi professor Horgan.

"Sayohat qilish zavqi, urush maydonidagi birodarlik ruhiga qiziqishadi ular. Kuchli motivatsiya beradigan omillar bu. "Islomiy davlat" ijtimoiy tarmoqlar orqali shu narsani yaxshi yetkazib beryapti", - deydi Horgan.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, "Islomiy davlat"ni mag'lub etish uchun, avvalo, uning rahbariyatini yo'q qilish hamda ular nazoratidagi hududlarni qaytarib olish kerak.

AQSh rasmiylarining aytishicha, iroqliklar allaqachon egallab olingan hududlarning 30 foizini qaytarib olgan.

Ular e'lon qilgan xalifalik zaiflashib borar ekan, uning oxirzamondagi muhim o'yinchi sifatidagi da'volari ham susayib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG