Pentagon: Suriya muxolifatini tayyorgarlikdan o'tkazish rejasida o'zgarish

  • Amerika Ovozi

"Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, AQSh suriyalik muxolif guruhlarni tayyorgarlikdan o'tkazish va qurollantirish rejasiga tuzatish kiritmoqda. Bu Moskvaning Suriyaga harbiy aslaha va askar yuborayotgani haqida xavotirlar kuchayishi ortidan kuzatilmoqda. Vashington, shuningdek, Gretsiyadan havo hududini Rossiya harbiy samolyotlari uchun yopishni so'ragan.

Mudofaa vazirligi va Obama ma'ruriyatida ishlovchi to'rt yetakchi rasmiyning gazetaga aytishicha, 31-iyul kuni AQSh tayyorgarligidan o'tgan 54 suriyalik "Al-Qoida"ga aloqador Al-Nusra fronti hujumiga uchragach, harbiy trening dasturiga o'zgartirish kiritishga qaror qilingan.

Maxfiy ma'lumotlarga asoslangan xulosaga ko'ra, Pentagon mashqidan o'tgan dastlabki guruh hujumni qaytarish uchun tayyor bo'lmagan va kam sonli bo'lgan. Chunki hujum ularning aksariyati hayit bayramida yaqinlarini ko'rib kelish uchun ta'tilga chiqqan payt ro'y bergan.

500 million dollarlik dasturga kiritilayotgan tuzatishlar qatnashchilar sonini ko'paytirish, ularni yetarli razvedka ma'lumotlari va mahalliy yordam bilan ta'minlash kabi choralarni o'z ichiga oladi. Maxfiy dastur AQSh Maxsus kuchlari hamda Turkiya va Iordaniyadagi hamkor idoralar tomonidan amalga oshirilmoqda. Markaziy Razvedka agentligi ham Assad rejimiga qarshi alohida ana shunday loyihaga ega ekani aytiladi.

Xavfsizlik tekshiruvi shartlari qattiq bo'lgani bois, dastur uchun ariza topshirgan minglab isyonchilarning faqat bir necha o'ntasi tanlab olingan, xolos. Natijada bir yil ichida 5000 odamni tayyorgarlikdan o'tkazishni ko'zlovchi rejani amalga oshirishning imkoni bo'lmagan.

Yaqin Sharq siyosati bo'yicha Vashington instituti tadqiqotchisi, sobiq elchi Jeyms Jefrining aytishicha, dastur Suriyadagi minglab "Islomiy davlat" jangarilarini to'xtatish uchun yetarli emas.

"Harbiylar IShIDning yo'lini to'sish bo'yicha yaxshi ish qilyapti. Ammo bu harbiy chora bilan guruhni yakson qilib bo'lmaydi. Markaziy Razvedka idorasi ham Assadni ag'darish maqsadi bilan suriyaliklarni bir necha yildan beri qurollantirib kelyapti. Bu esa IShIDga qarshi qaratilgan yangi missiya. Ammo uni ishlata olmadik. 50 ta odamni tayyorlay oldik, xolos. Bu yarim milliard dollarlik dastur, 5000 jangchini mashqdan o'tkazish ko'zlangan edi", - deydi Jefri.

AQSh Piyoda kuchlari generali Kevin Killi esa dasturning muvaffaqiyatli chiqishidan umidvor.

"Keyingi mashqlarga qabul qilinayotganlar soni umidlarni oshiradi. Ular miqdori oshgan sari bu dastur shimoliy Suriyadagi IShIDga qarshi kuchlarga katta yordam bo'ladi", - deydi u.

Oq uy Suriyaga harbiy maslahatchilarni jo'natmaslikka qaror qilgach, mashqdan o'tgan suriyaliklarni qaysi mintaqaga yuborish bo'yicha qaror berish ma'muriyat oldidagi eng qiyin vazifalardan biriga aylangan, deya yozadi "Nyu-York Taym" nashri.

Rossiyaning Suriya mojarosiga aralashuvi kuchayayotgani borasida ham xavotirlar oshgan. Natijada Vashington Gretsiyadan havo sarhadlarini Rossiya samolyotlari uchun to'sishni so'ragan.

Matbuot xabarlariga ko'ra, Kreml "Islomiy davlat"ga qarshi kurash rejasi doirasida Assad rejimiga harbiy yordamni oshirmoqda. O'tgan hafta Oq uy so'zlovchisi Josh Ernest Rossiya harbiylari va samolyotlarining Suriyaga safarbar etilganini tasdiqlagan edi.

"Assad rejimiga berilgan har qanday harbiy yordam, harbiy maslahatchilar, samolyotlar shaklida yoki boshqa maqsadlarda bo'ladimi, vaziyatni beqarorlashtiradi va aks natija beradi. AQSh IShIDga qarshi xalqaro koalitsiyaga yetakchilik qilish ustida ish boshlagan va biz Rossiyani bu ishga hissa qo'shishga taklif etamiz. AQSh, shuningdek, Suriyada siyosiy rahbariyatning diplomatik yo'l bilan o'zgarishini faol qo'llab-quvvatlab kelgan. Bu ishga ham Rossiyaning ijobiy hissa qo'shishidan mamnun bo'lamiz", - deydi Ernest.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qilib, Suriyada Rossiya habiylari faoliyatining kuchayayotganidan xavotir bildirdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o'z navbatida Suriya armiyasiga yuk tashish va tayyorgarlikdan o'tkazish bo'yicha "jiddiy yordam" berilayotganini ma'lum qildi. Ammo Rossiyaning Suriyadagi "Islomiy davlat"ga qarshi amaliyotlarda faol qatnashayotgani haqida gapirishga hali erta, deydi Rossiya rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG