AQSh generali: "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda jiddiy siljish bor

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat"ga qarshi global koalitsiyadagi AQSh vakili, iste'fodagi general Jon Allen

"Islomiy davlat"ga qarshi global koalitsiyadagi AQSh vakili, iste'fodagi general Jon Allen

"Islomiy davlat"ga qarshi global koalitsiyadagi AQSh vakili, iste'fodagi general Jon Allenning aytishicha, o'tgan bir yilda jangari guruhga qarshi kurashda jiddiy yutuqlar qo'lga kiritilgan. Ammo besh yillik Suriya mojarosiga va qochoqlar inqiroziga faqat siyosiy yechim topish mumkin, deya qayd etadi rasmiy. AQShning "ABC" telekanaliga bergan intervyusida general Allen jangari guruhga qarshi olib borilgan kurash natijalarini bir yil oldingi holat bilan qiyosladi.

"O'tgan oylarda ko'p jihatdan e'tiborga molik natijalarni qo'lga kiritdik. Bag'dodda uddaburon yetakchi va hamkor Haydar al-Abadiy tepaga keldi. Uning milliy dasturi, sunniylar bilan munosabati, Anbar viloyati uchun rejasi, Oyatulloh Ali Sistoniy bilan yaqin aloqasi Iroqda siyosiy kelajak yaxshilanishidan umid beradi", - deydi Allen.

Allenning aytishicha, o'tgan yil mobaynida "Islomiy davlat"ga kelib qo'shilayotgan xorijliklarning yo'lini to'sishda muvaffaqiyatlarga erishilgan.

AQShning Suriyadagi sobiq elchisi Robert Fordga ko'ra, mintaqadagi gumanitar inqiroz "Islomiy davlat" nazoratidagi hududlardan emas, balki Prezident Assad rejimi qo'llayotgan kimyoviy qurol va bombalar oqibatida kelib chiqmoqda.

"Suriyaning yarmi hozir qochqin. Suriya aholisining yarmi o'z uyida yashamayapti", - deydi u.

Elchi Obama ma'muriyatining e'tibori "Islomiy davlat" guruhiga qaratilganini, inqirozning bosh sababchisi bo'lgan Assad hukumatiga qarshi yetarli chora ko'rilmayotganini aytadi.

"Assad rejimining vahshiyligi "Islomiy davlat"ning odam yollashiga qo'l kelmoqda. AQSh xavfsizlik xizmatlari bergan hisobotga ko'ra, guruh o'ldirilgan barcha jangarilarni yangilari bilan almashtirmoqda. Nega? Chunki ular Assad rejimining Suriya shaharlarini bombardimon qilayotganidan darg'azab yigitlarni osonlikcha jalb qilmoqda", - deydi Ford.

Oq uy so'zlovchisi Josh Ernestning aytishicha, "Islomiy davlat" bir yil ichida nazoratidagi hududlarning 30 foizini boy bergan. Guruh Suriya shimolida 17 ming kvadrat kilometr maydonni qo'ldan chiqargan, deydi u.

Allen esa mojaroni hech qachon harbiy yo'l bilan hal qilib bo'lmasligini aytadi.

"Suriya siyosiy yo'l bilan Bashar al-Assaddan qutulishi kerak. U yechimning bir qismi bo'la olmaydi. Biz xalqaro hamkorlarimiz va Suriyadagi muxolifat bilan doimiy muloqotda bo'lishimiz kerak. Chunki urushni qo'llab-quvvatlash yoki kuchaytirish faqat zo'ravonlikni oshiradi. Natijada biz yuzlashib turgan qochoqlar fojeasi yanada kengayadi", - deydi general.

Allenga ko'ra, Iroqda siyosiy vaziyat kelasi yil yanada barqarorlashishi kutilyapti. Shuningdek, "Islomiy davlat"dan ko'proq hudud tortib olinishi va natijada ko'plab iroqliklar o'z uylariga qaytishi umid qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG