"Islomiy davlat"ni yengish mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Suriyada "Islomiy davlat" nishonlari, AQSh qurolli kuchlari surati, Raqqa, Suriya, 23-sentabr, 2014-yil

Suriyada "Islomiy davlat" nishonlari, AQSh qurolli kuchlari surati, Raqqa, Suriya, 23-sentabr, 2014-yil

AQSh Kongressi Suriyada mo’tadil muxolif isyonchilarni qurollantirish va tayyorlash uchun pul ajratdi. Oq uy bu kabi madad isyonchilarga “Islomiy davlat” jangarilarini mag’lub etishga yordam beradi, deya umid qilmoqda.

Prezident Obama “Islomiy davlat” guruhini zaiflashtirib, yo’q qilishga so’z berdi. Jihodchilar Iroq va Suriyada katta hududlarni ishg’ol qilib, o’z boshqaruvini o’rnatgan. Jangarilar odamlarni ommaviy ravishda qatl etib, ayollar va bolalalarni qulday sotdi, ba’zilarining boshini oldi, shu jumladan ikki amerikalik va bir britaniyalikni.

Avgustdan beri Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat” pozitsiyalarini Iroqda havodan o’qqa tutib keladi. Kechadan boshlab Suriyada ham ular nishonga olinmoqda.

Iste’fodagi armiya generali Jek Kin hozir Vashingtondagi Urushlarni o’rganish institutini boshqaradi. Uning aytishicha, “Islomiy davlat”ning asosiy nishonlari Suriyada joylashgan.

“Jihodchilarning asosiy jangovar qismlari, jihozlari, ta’minot bazalari, guruhga yollangan va har hafta Suriyaga kelayotgan yuzlab yangi ko’ngillilar uchun tayyorgarlik maskanlari, boshqaruv va nazorat markazi, aloqa liniyalari, Suriya sharqini Iroq bilan bog’lovchi yo’llar tarmog’i – bularning barchasi Suriyada joylashgan”, - deydi sobiq harbiy.

General Kin nazarida, havo hujumlari guruhni zaiflashtirishi aniq, ammo yolg'iz harbiy kuch bilan uni yengib bo'lmaydi.

“Jihodchilarning harakat maydoni qisqarishi mumkin, ularni tashabbusdan ayirsa bo'ladi, biroq butunlay mag'lub etish uchun, Suriya va Iroqdagi hududlarni qaytarish uchun ularga qarshi askarlarni tashlab, qayta hujumga o'tish kerak”, - deydi Kin.

Ammo Prezident Obama AQSh qo’shinlarini Suriya yoki Iroqqa yubormayman, deya va’da bergan.

Qurolli kuchlar Bosh shtabi rahbari general Martin Dempsining o’tgan hafta Senatdagi tinglovda qonunchilarga aytishicha, jihodchilarga qarshi jang qilayotgan Iroq askarlariga yordam berish maqsadida ma’lum bir pallada AQSh qo’shinlarini kiritish maqsadga muvofiq bo’ladi.

“Maxsus kuchlarni ham ishga solishimiz kerak bo’ladi. Ular qarshi hujum paytida dushman pozitsiyalarini aniqlab, nishon haqida ma’lumotni aviatsiyaga uzatadi. Bunday amaliyotlarga jang maydonidagi qo’shinlarga yordam berish uchun maxsus tayyorgarlikdan o’tgan uchuvchilar, maxsus samolyotlar jalb qilinadi. Biroq prezidentning rejasida bular yo’q hozir va bu katta xato”, - deydi iste’fodagi general.

Obamaning hozirgi rejasi Suriyada “Islomiy davlat”ga qarshi jang qilayotgan mo’tadil isyonchilarni qurollantirib tayyorlashdan iborat. Kongress bu maqsadda 500 million dollar ajratgan. Biroq ekspertlar nazarida bunga ko’p vaqt ketadi.

NATO kuchlarining sobiq qo’mondoni, iste’fodagi admiral Jeyms Stavridisning aytishicha, muammo Suriyada kimning mo’tadil ekanini aniqlashda.

“Kimlarning mo'tadil ekanini bilmayman. Ularning suriyalik ekani, Assad rejimiga qarshi ekani aniq. Ko’plari shu rejimdan aziyat chekkan bo’lishi mumkin va unga qarshi kurashishga jazm qilgan. Biroq mo’tadillarini mukkasidan ketgan isyonchilardan ajratish juda qiyin”, - deydi Stavridis.

Admiral nazarida agar Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat”ga qarshi harbiy harakatlarni oshirsa, mintaqada ekstremizm kuchayishi mumkin.

“Ammo tavakkal qilmasak bo’lmaydi. AQShning harbiy amaliyotlardagi ishtiroki sabab qo’lga qurol olgan jangarilar, partizanlar paydo bo’lish ehtimolini hisobdan chiqarmaslik kerak. Biroq qo’l qovushtirib o’tirib, vaziyat o’z-o’zidan yaxshilanadi deb o’ylash noto'g'ri. Demak, tavakkal qilish kerak”, - deydi Stavridis.

Uning aytishicha, bu urushda Qo'shma Shtatlar yolg'iz harakat qilmasligi kerak. Vashington jihodchilarga qarshi xalqaro koalitsiya tuzib, unga arab va Yevropa davlatlaridan ko'p mamlakatlar kirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG