Tillerson: IShIDga qarshi xalqaro koalitsiya ishini kuchaytirish kerak

  • Amerika Ovozi

IShIDga qarshi 68 mamlakat a'zo global koalitsiya yig'inini boshqargan AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson kurashda muhim yutuqlar qo'lga kiritilganini tilga oldi.

"IShIDning qayta jonlanishini to'xtatish, uning global maqsadlari yo'lini to'sish hamda mafkuraviy tashviqotini obro'sizlantirishda koalitsiyamiz yakdil. Bu kurashni yanada kuchaytirishga va qat'iy bo'lishga tayyormiz", - dedi Tillerson.

Koalitsiya IShID bilan olishayotgan guruhlarni qurollantirish, jangarilar nazoratidagi hududlarni ozod qilish hamda terrorchilar yangi joylarga ko'chib o'tishining oldini olish kabi vafizalar bilan shug'ullanadi.

Koalitsiya harbiy samolyotlari IShID manzillariga 19 mingdan ortiq havo zarbalarini berdi. 10 minglab jangarilarni o'ldirish barobarida 180 dan ortiq yetakchilari yo'q qilingan. Jumladan, Abu Bakr al-Bag'dodiyning deyarli barcha o'rinbosarlari.

Koalitsiya Musulni qaytarib olishda Iroq harbiylari bilan yaqindan ishlayapti. Shaharning sharqiy qismi ozod qilindi. Ayni paytda g'arbiy Musulda janglar davom etyapti.

Koalitsiya 90 mingdan oshiq Iroq xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazdi. Ular orasida armiya askarlari, peshmerga kurdlari va qabila ko'ngillilari bor.

Suriyada esa 14 ming kvadrat kilometrdan ziyod maydon terrorchilardan tozalandi. Ayni paytda jangari guruhning poytaxti deya ko'riladigan Raqqa shahriga asosiy e'tibor qaratilmoqda.

"Iroq va Suriyada qiyinchilik bilan qo'lga kiritilgan g'alabalar koalitsiya ustunligini ta'minladi. Ammo kurashning navbatdagi bosqichida muvaffaqiyatlarimizni mustahkamlashimiz uchun harakatlarni yanada kuchaytirishimiz kerak. Maqsad IShIDni zaiflashtirish emas, balki mag'lub etishdir", - dedi Tillerson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG