Obama “Islomiy davlat”ga qarshi operatsiyalarni uzaytirishni so’rayapti

  • Amerika Ovozi

Xalqaro koalitsiya hujumlariga qaramasdan, “Islomiy davlat” esktremistlar guruhiga qo’shilayotgan xorijliklar soni oshib borayapti.

Shu kungacha 90 dan ziyod davlatdan 20 mingdan oshiq odam Suriya va Iroqqa borgan. Shulardan kamida 3,400 nafari G’arb mamlakatlaridan.

Ushbu raqamlarni AQSh Aksil-terrorizm markazi rahbari Nik Rasmussen Kongressga taqdim etdi. “Islomiy davlat” safida jang qilayotgan qariyb 3,5 ming g’arblikdan 150 nafari Qo’shma Shtatlardan. Ular radikal g’oyalar bilan vatanga qaytib, terror hujumlari uyushtirishi mumkin degan xavotir kuchli.

Inqirozlarni o'rganish xalqaro tashkiloti (ICG) ma'lumotiga ko'ra, so'nggi uch yilda Markaziy Osiyodan 2,000-4,000 odam radikal guruhlar safiga qo'shilgan.

Prezident Barak Obama Kongressdan “Islomiy davlat”ga qarshi harbiy operatsiyalarni yana uch yilga uzaytirishni so’ramoqda.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest so’zlariga ko’ra, Obama bunday qarorni o’zi mustaqil ravishda qabul qilish vakolatiga ega bo’lsa-da, Kongressning ruxsati Amerika xalqi bu masalada yakdil ekanini namoyish etadi.

“Ham demokratlarga, ham respublikachilarga ma’qul keladigan qonun loyihasi ustida ish ketayapti”, - deydi u.

2001-yilning 11-sentabridan keyin AQSh al-Qoida va boshqa jangari guruhlarga qarshi urush e’lon qilgan edi. Kongress prezidentga harbiy operatsiyalar uchun vakolat bergan o’shanda.

Bugun Iroq va Suriyada AQSh boshchiligidagi koalitsiya “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda ham o’sha 14 yil oldingi hujjatlarga asoslanmoqda. Qonun loyihasida maxsus kuchlar va maslahatchilarni safarbar etish haqida gap ketadi, ammo piyoda qo’shin yuborilmaydi.

“Iroq va Suriyaga Amerika askarlarini jangovar maqsadda yuborishni lozim deb ko'rmayapmiz”, - deydi Oq uy rasmiysi.

Bugungi televizion bayonotida Obama "Islomiy davlat"ni AQSh va uning ittifoqchilari xavfsizligi uchun eng katta tahdid deya atadi. Kongressga yuborilgan rezolyutsiyada operatsiyalar uch yilga mo'ljallangan, geografik jihatdan cheklanmagan va prezidentga jihodchilarni yo'q qilish uchun katta vakolat beradi.

Obama ma’muriyati va Kongress o’rtasida muhokamalar davom etmoqda.

“Kelasi haftalar mobaynida debatlarning asosiy mavzusi shu bo’ladi. Kongress oldida bu dushmanga qarshi qanday kuch ishlatish kerak degan muhim masala turibdi”, - deydi Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG