"Islomiy davlat"ga boy berilgan tamaddunni qayta tiklash mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Katolik rohiba Diana Momeka "Islomiy davlat" tomonidan Iroqdan haydab chiqarilganlardan biri

Katolik rohiba Diana Momeka "Islomiy davlat" tomonidan Iroqdan haydab chiqarilganlardan biri

29-iyul kuni 20 davlatdan rasmiylar, faollar hamda BMT diplomatlari AQSh Davlat departamentida “Islomiy davlat”dan aziyat chekkan diniy va etnik jamoalarni qayta tiklash yo’llarini muhokama qildi.

“Bu jamoalar yo’q bo’lib ketishiga yo’l qo’ymaslik kerak, chunki bu holda hatto “Islomiy davlat” yer bilan yakson qilinganida ham u g’alaba qozongan bo'ladi”, - dedi anjumanga mezbonlik qilgan AQSh vakili Deyvid Seyperstin.

Seyperstin - yahudiylar yetakchisi, ayni paytda ijtimoiy adolat uchun kurashadigan huquqshunos.

Iroq va Suriyada boshpanasiz qolgan odamlar jahon hamjamiyati ular taqdiridan xavotirda ekanini bilsin; ular hozirgi joyida qolish, qochqin maqomini olish yoki tarixiy vataniga qaytish imkoniga ega bo’lishi kerak, deydi u.

Minglab nasroniy, shia va boshqa guruhlar vakillarini o’ldirish barobarida “Islomiy davlat” tarixiy obidalar, masjid, cherkov va ibodatxonalarni vayron qildi.

“Oz sonli guruhlarga zo’ravonlik va terrorchilik shu qadar kuchli zarba berdiki, asrlar davomida tinchlik va birdamlikda qo’shni bo’lib yashagan guruhlar bu mintaqadan g'oyib bo'lishi hech gap emas. Bu holda Iroq jamiyati ham yo’q bo’ladi”, - dedi anjumanda Davlat kotibi muovini Entoni Blinken.

Uch yil davomida dahshatda yashayotgan odamlarning “Islomiy davlat” mag'lub bo'lganidan keyin vatanga qaytish va tinch-totuv yashashga umidi puchga chiqqanicha yo’q. Ammo “etnik va mazhablararo ziddiyatlar boshlanishi mumkin, bu esa odamlarni taraqqiyot va farovonlik masalalaridan chalg’itadi, chegara mojarolari yuzaga kelishi mumkin, deya ogohlantiradi Blinken.

Vashington rasmiylariga ko’ra, so'nggi oylarda “Islomiy davlat”dan Suriyada 20 foiz, Iroqda esa 50 foiz hudud tortib olindi.

AQSh poytaxtidagi anjuman 2015-yilda Fransiyada o’tkazilgan tadbirlarning navbatdagisi. O’tgan yili martda BMT Xavfsizlik kengashi yig’ilgan edi, sentabrda esa Parijda vazirlar masalani muhokama qilib, hukumatlarning diniy ozchiliklarga yordamini ko’zda tutadigan Parij ish rejasini qabul qildi.

Shuningdek, o’tgan hafta AQSh va “Islomiy davlat”ga qarshi xalqaro koalitsiya a’zolari Iroqni tiklash uchun 2,1 milliard dollar va’da qildi.

Shu yil boshida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri “Islomiy davlat”ni yazidiylar, nasroniylar va shia musulmonlariga qarshi genotsidda, ayrim hududlarda esa sunniy musulmonlar va kurdlarga qarshi ham etnik tozalash jinoyatini amalga oshirganlikda ayblagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG