Suriyada "Islomiy davlat" moliya manbai nishonda

  • Amerika Ovozi

Parijdagi xurujlar ketidan AQSh harbiy samolyotlari Suriyada "Islomiy davlat" guruhining daromad manbalariga zarba bera boshladi. Pentagon chiqargan videoda 100 dan ziyod neft sisternalarining yo'q qilingani tasvirlangan.

Jangarilar neftga boy ayrim hududlarni nazorat qiladi, qora oltinni noqonuniy yo'l bilan pullab, faoliyatini shuning hisobiga moliyalamoqda.

AQSh yetakchiligidagi koalitsiyaning bildirishicha, shu hafta Suriyaning al-Bukamal rayonidagi havo hujumida neft solingan 116 ta sisterna vayron qilingan.

"Kutilmaganda zarba berdik. Hujumlarimiz natijasida ular jiddiy zarar ko'rdi", - deydi koalitsiya kuchlari vakili polkovnik Stiv Uorren.


Al-Bukamal neft koni Dayr az-Zur tumanida joylashgan. Neft savdosidan tushadigan daromadning uchdan ikki qismini "Islomiy davlat"ga mana shu kon keltiradi. Bu kuniga 750 ming dollar degani.

“Islomiy davlat" amaliyotlarining yarmidan ko'pi neft puli hisobiga moliyalanadi. Biz ularni bu moliya manbasidan ayirmoqchimiz”, - deydi Uorren.

Havo hujumidan bir necha soat oldin koalitsiya varaqalar tarqatib, haydovchilarni ogohlantirdi, sisternalarni darhol tark etishni tavsiya qildi.

“Islomiy davlat" uchun bundan keyin neft tashish xavfli ekanini ko'p haydovchilar tushundi", - deydi polkovnik.

Koalitsiyaning bildirishicha, tankerlar, neft tashiyotgan yuk mashinalari, infratuzilmaga qarshi zarbalar davom etadi. Rossiya qurolli kuchlari ham ayni nishonlarni o'qqa tutishga kirishgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG