"Islomiy davlat"ning internetdagi faoliyati xavfliligicha qolmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh hukumati “Islomiy davlat”ning internetdagi faoliyatiga qarshi kurash boshlanganidan qariyb sakkiz oy o’tib ham bu boradagi yutuqarni baholash oson emasligini tan olmoqda.

“Federal hukumat va soha mutaxassislari oldida turgan eng murakkab vazifa bu”, - deydi Ichki xavfsizlik vazirligidan Jorj Selim.

Yanvarda qabul qilingan yangi strategiyaga ko’ra, “Islomiy davlat”ga qarshi samarali kurashish uchun jamoalar va mahalliy tashkilotlar bilan ish olib borish maqsadga muvofiq deb topildi. “Islomiy davlat” tashviqotiga osonlikcha laqqa tushishi mumkin bo’lgan yoshlarni bu yo’ldan qaytara oladigan shaxslarni topish va ular bilan ishlash harakati boshlandi.

Ayni damda bu reja samarasi o’rganilmoqda. Jorj Selim Kolorado shtatining Aspen shahrida o’tgan xavfsizlik forumida IShID tahdid haqida gapirdi.

“Islomiy davlat” odamlarni o’z saflariga jalb etishda va ularni radikallashtirishda davom etmoqda va bu Amerika uchun eng jiddiy tahdid”, - dedi u.

Internet kengliklarida jangarilar ustidan yaqqol g’alabadan nishon ko’rinmayotgan bo’lsa-da, Iroq va Suriyadagi haqiqiy jang maydonlarida AQSh va hamkor davlatlar muvaffaqiyatga erishmoqda. So’nggi oylarda jihodchilar o’z nazoratidagi hududlarning 50 foizini boy bergan.

AQSh rasmiylari bu g’alabalar ijtimoiy tarmoqlardagi kurashga ham ijobiy ta’sir ko’rasatadi, deya umid qilmoqda.

Kongress Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Ed Roys nazarida, xalifalik g’oyasi hayot ekan, “Islomiy davlat”ga qarshi kurash tugamaydi.

“Jangarilar o’z g’oyalarini Indoneziyadan G’arbiy Afrikagacha yoymoqda”, - dedi qonunchi Aspendagi forumda.

Boz ustiga G’arbda radikal g’oyalarni qabul qilayotgan yoshlar ham ko’paymoqda.

“Axir “Islomiy davlat” nomidan odamlarni o’ldirib, o’zini qahramon deb his etmoqchi bo’lgan amerikalik o’smirlarni bombalay olmaysiz-ku”, - deydi terror guruhini o’rganib kelayotgan mutaxassis, “IShID: Terror davlati” nomli kitob muallifi Jessika Stern.

Uning aytishicha, o’z oilasi, tengdoshlari, jamiyatidan ajralib qolgan yoshlarda radikallashish ehtimoli yuqori va bu borada internet katta rol o’ynaydi.

Ijtimoiy tarmoqlar jangarilar tashviqotiga to’siq qo’yishga harakat qilayotgan bo’lsa-da, har bir terror xurujidan so’ng fotosuratlar va videolar tarqala boshlaydi, tashviqot uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.

“Facebook” va "Twitter” bunday harakatlarga qarshi yetarli choralar ko’rmayotgani uchun tanqid ostida. AQSh qonunchilari bu ijtimoiy tarmoqlar ma’murlarini ekstremistik mazmundagi materiallarni avtomatik ravishda imkon qadar tez aniqlab beruvchi yangi texnologiyani ishga solishga chaqirmoqda.

“Odamlar ijtimoiy sahifalarda hujumchilarni olqishlashini ko’ramiz. Ya’ni ekstremistik mafkurani olqishlashini”, - deydi “Facebook” kompaniyasi vakili Monika Bikert.

Ammo bunday materiallarni yo’q qilish oson emas. “Facebook”dan butun dunyo bo’ylab 1,6 milliard odam foydalanadi. “Facebook, Google va Twitter bu ishni uddalay olsa ham minglab vebsaytlar, o’yin platformalari, sms aloqa xizmatlari orqali bunday materiallar tarqalaveradi”, - deydi Bikert.

Shu bilan birga, endi paydo bo’lgan ekstremistik materialni o’chirish bilan biz uni qanday va qayerlarda tarqalganini, kimlar undan foydalanayotganini kuzatish imkonidan mahrum bo’lamiz”, - deydi “Facebook” vakili.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi internetda ekstremistlarga qarshi kurashni jadallashtirmoqchi, buning uchun qo’shimcha mablag’ olishdan umidvor. 1-oktabrda boshlanadigan 2017-moliyaviy yil uchun vazirlik Kongressdan qo’shimcha 20 million dollar so’ragan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG