Breaking News

AQSh: "Islomiy davlat"ga qarshi piyoda qo'shin safarbar etilmaydi


Xalqaro koalitsiya hujumlari bois biroz chekingan ekstremistlar so'nggi kunlarda Iroq va Suriyada salmoqli yutuqlarni qo'lga kiritgan.

AQSh: "Islomiy davlat"ga qarshi piyoda qo'shin safarbar etilmaydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:00 0:00

O'zini "Islomiy davlat" deb ataydigan guruh Ramadi va Palmira shaharlarini bosib olgan. AQSh Kongressida bu to'daga qarshi zarbalarni kuchaytirish muhokamada.

Jangarilar internetga qo'ygan videoda ular Palmira ostonasida ekanini ko'rish mumkin. UNESCOning jahon madaniy merosi durdonalari ro'yxatiga kiritilgan shahar xavf ostida.

UNESCO, BMTning Ta'lim, ilm-fan va madaniyat agentligi rahbari Irina Bokova dunyo hamjamiyatiga, havo hujumlarini olib borayotgan davlatlarga tarixiy yodgorliklarni asrab qolaylik, deb murojaat qilmoqda.

AQSh Senatida "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirish, jumladan mintaqaga piyoda qo'shin safarbar etish takliflari yangramoqda.

Respublikachi senator Lindsi Grem fikricha, arab davlatlari armiya tuzishi va uning tarkibiga amerikalik askarlar ham kirishi kerak. Maqsad - guruh bosib olgan shaharlarni qaytarib olib, xalifatni yo'q qilish.

AQSh prezidentlik poygasida qatnashayotgan senator Ted Kruz esa peshmerga deya atalmish kurd armiyasini qurollantirishga chaqirmoqda. "Islomiy davlat" biz Iroq armiyasiga uzatgan qurollardan foydalanyapti, shuning uchun peshmergani yaxshiroq aslaha bilan ta'minlash lozim, deydi Kruz.

Lekin Prezident Barak Obama Qo'shma Shtatlar qimmat va uzoq muddatli urushlarga tortilmaydi, deb keladi.

Demokrat senator Richard Blumental bu pozitsiyani yoqlab deydiki, AQSh qo'shinlarini mintaqaga yuborish bilan hech bir muammo hal bo'lmaydi.

Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat"ga qarshi havo hujumlarini davom ettirayapti. Shuningdek, Suriya muxolifati orasidan tanlab olingan guruhlarni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG