Breaking News

Amerika Iroqqa uzatgan qurollar ekstremistlar qo'liga tushayapti


Qo'shma Shtatlar o'zini "Islomiy davlat" deb atagan ekstremistlarga qarshi kurashni kuchaytirar ekan, ayrim kuzatuvchilar nazarida Vashington o'z oyog'iga bolta urmoqda.

Amerika Iroqqa uzatgan qurollar ekstremistlar qo'liga tushayapti - Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:09 0:00

Sabab shundaki, Amerika ittifoqchilariga uzatayotgan qurollar dushman qo'liga tushayapti. Bu kurashda faqat kuch bilan emas, puxtaroq strategiya bilan g'alaba qilish mumkin, deydi ular.

Yaqinda Iroq armiyasi amalga oshirgan hujumlardan biri g'alaba bilan yakunlandi. "Islomiy davlat"ning 24 a'zosi qo'lga olingan, va yana bir qancha qurol-aslaha.

Askarlardan biri ko'zi boylangan asirga ishora qilib, bularni Iroqdan haydab chiqarmaguncha hujumlarni davom ettiramiz, deydi.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashning yangi bosqichiga kirishayogan Qo'shma Shtatlar mahalliy qo'shinlarga yordam tariqasida Iroqqa qo'shimcha 450 askar yubormoqchi.

Rasmiylarning aytishicha, xalqaro koalitsiya hujumlarida shu kungacha 10 ming jangari o'ldirilgan, lekin guruh yangi a'zolarni yollashda davom etayapti. Ayrim hisoblarga ko'ra, "Islomiy davlat" bugun Iroqning uchdan bir qismini va Suriyaning yarmini nazorat qiladi.

Tashqi aloqalar kengashi nomli tadqiqot markazi olimi Maks But izohicha, AQSh "Islomiy davlat"ni barbod qilamiz deb maqsadini e'lon qilgan-u, aslida bunga erishish uchun yetarli harakat qilmayapti.

Barak Obama prezidentlikka kirishganida, deydi u, Yaqin Sharqdagi urushlarni tugatamiz va askarlarni uyga qaytaramiz deb va'da bergan. Shu sababdan "Islomiy davlat"ni mag'lub etish uchun iroda yo'q.

Bu guruh janglarda AQSh qurollaridan foydalanyapti. Amerika Iroq armiyasiga va Suriya muxolifatiga uzatgan aslaha jangarilar qo'liga tushgan. Suhbatdoshga ko'ra, bu dushmanni qurollantirish bilan barobar.

"Ikki yo'l bor - AQSh Iroqqa qurol berishni to'xtatsin yoki mahalliy qo'shin jangdan qochmasligi uchun ularni yaxshiroq treningdan o'tkazsin. Menga ikkinchi yo'li ma'qul", - deydi Maks But.

Uning aytishicha, "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan sunniy jangchilar malakasini oshirishga ham jiddiyroq e'tibor zarur. Tahlilchi Andreas Krig ham shu fikrda. Masalan, Anbar viloyatining "Islomiy davlat" nazoratidagi hududlarida qabilaviy jangchilar markaziy hukumatga ishonmaydi, deydi u.

"Bu siyosiy-ijtimoiy masala. Haydar al-Abadiy hukumati bu qabilalarga ko'proq avtonomiya va'da qilishi, agar ekstremistlarga qarshi sidqidilgan kurashsangiz hukumat uchun emas, o'z kelajagingiz uchun kurashgan bo'lasiz, deb ro'yirost aytishi kerak", - deydi suhbatdosh.

"Islomiy davlat" mag'lub etilmas ekan, u kuchayib boraveradi, deydi Andreas Krig. Bir yil ilgari guruh Iroq va Suriya shaharlarini shiddat bilan bosib olganida u qo'lga kiritgan barcha qurollardan foydalanish salohiyatiga ega emas edi. Lekin ular o'tgan bir yilda malakasini oshirib, bosib olgan yerlarida mahkamroq o'rnashib olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG