Kerri Misrdan so'ng Parijga bordi. Islomiy davlat masalasi ko'rilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Iroq va Suriyada Islomiy davlatga qarshi xalqaro koalitsiya tuzish bilan ovora ekan Qohiradan Parijga uchib borgan. Shu kunga qadar salkam 40 mamlakat, jumladan ko’plab arab davlatlari, jihodchilarga qarshi kampaniyaga qo’shildi.

Avstraliya Bosh vaziri Toni Ebbot bu maqsadda 600 askar va bir necha jangovar samolyot ajratishga rozi.

Kerrining Misrga tashrifi chog’ida aytishicha, Islomiy davlat barcha uchun birday tahdid.

Jihodchilar islom dini nomidan gapirmoqda, ammo aslida ularning islomga aloqasi yo’q. Ular adovat urug’ini sochyapti, ammo biz bunday mafkurani qabul qilmaymiz, deydi Kerri.

Uning nazarida Misr mafkuralar urushida faol bo’lishi lozim.

Mahalliy rasmiylardan tashqari Kerri Qohirada Arab Ligasi rahbari Nabil al-Arabiy bilan ham muloqot qildi. Unga ko’ra, xalqaro koalitsiya harbiy harakatlar bilan cheklanib qolmasdan aholiga gumanitar yordam yetkazishi, jihodchilar moliya kanallariga to’siq qo’yishi, ularning safiga qo’shilmoqchi ko’ngillilar oqimini to’xtatishi zarur.

AQSh kecha Islomiy davlatga qarshi urush e’lon qildi. Prezident Barak Obama Iroqda jihodchilarga qarshi kurashda mahalliy va kurd jangchilariga yordam berilishini aytib, ularni harbiy tayyorgarlik, razvedka ma’lumotlari va zarur jihozlar bilan ta’minlashni buyurdi.

Ba’zi hisoblarga ko’ra, Suriyada jihodchilar safida 20-30 ming odam jang qilmoqda. Fransiya ularga qarshi havodan zarba berilishini aytdi.

Kelayotgan hafta AQSh Kongressi Vakillar palatasida prezident Obamaning suriyalik isyonchilarni tayyorlash va qurollantirish haqidagi taklifi ovozga qo’yiladi.

Bu o'rtada jangarilar Iroqda britaniyalik mahbusni qatl etgan. 44 yoshli Deyvid Xeynsning boshi tanasidan judo qilindi. Xalqaro gumanitar tashkilot vakili Xeyns o’tgan yili Suriyaga borganidan uch kun o’tib o’g’irlangan edi.

Xeynsni qatl etgan jihochilardan biri sof ingliz tilida Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronni AQSh bilan til biriktirib Islomiy davlatga qarshi qurol ko’targanlikda aybladi.

Britan xalqi cheki yo’q, qonli urushga kiryapti, deydi niqob kiygan bu odam. Unga ko’ra, yaqin kunlarda guruh yana bir britaniyalikning boshini oladi.

Kameron Xeynsning jallodlarini qoralab, ularni jazolashga so’z berdi. AQSh Britaniyaga bunda yordam beradi, dedi Prezident Barak Obama. Bir necha hafta oldin Islomiy davlat jangarilari ikki amerikalik jurnalistni ham shu tariqa qatl etgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG