Arab-amerikaliklar AQShda musulmonlarga munosabat salbiylashganidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Arab-amerikaliklar AQShda musulmonlarga munosabat salbiylashganidan xavotirda

Arab-amerikaliklar AQShda musulmonlarga munosabat salbiylashganidan xavotirda

Amerikalik musulmonlar Obama ma'muriyatini Yaqin Sharq muammosini hal etishga qaratilgan harakatlarni kuchaytirishga chaqirmoqda.

Siyosatga qiziquvchan arab-amerikaliklar jamoat joylarida to'planib, muloqot qilib turadi. Masalan, poytaxt Vashingtondagi bir guruh yaqinda AQShning Yamandagi sobiq elchisi Stiven Sech bilan uchrashib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgan. Uchrashuv chog'ida ular prezident Barak Obamaning arablar va musulmonlar bilan muloqotni jonlantirish tashabbusini olqishlagan holda AQShda islomga qarshi kayfiyatlarning kuchaygani va Obama ma'muriyatining arab-Isroil mojarosiga yechim topa olmayotganidan xavotir bildirgan.

Sobiq diplomat bilan uchrashgan guruh a'zolari nazarida arab-Amerika munosabatlari negizida Qo'shma Shtatlarning Yaqin Sharq tinchlik jarayonidagi roli yotadi.

Prezident Obama 2009-yilda ish boshlaganida Isroil-Falastin mojarosiga chek qo'yishga, Falastin davlatini barpo etishda ko'maklashishga va'da bergan edi.

"Yaqin Sharqda tinchlik qaror topishi AQSh manfaatlariga javob beradi. Shaxsan men uchun ham bu juda ham muhim", - degan edi o'shanda prezident Obama.

AQSh vositachiligida boshlangan Isroil-Falastin muzokaralari ko'p o'tmay to'xtab qoldi. Isroil Iordan daryosining g'arbiy sohilida yahudiylar uchun uy qurishni bas qilmagach, Falastin muloqotdan bosh olib chiqdi.

Bunda, deydi arab-amerikalik faollar, prezident Obamaning qisman aybi bor.

Tadbirkor Umar Xoldianing aytishicha, Isroil qurilishlarni to'xtatadi deya va'da qildi, ammo yahudiy davlati Oq uy ma'muriyati gaplarini pisand qilmayapati.

Talaba Ahmad al Sava nazarida esa toki AQSh Isroilni mutlaq qo'llab-quvvatlashda davom etar ekan, Yaqin Sharqda tinchlik bo'lmaydi.

Prezident Obamaning Iroqdagi urushga doir strategiyasi, ba'zi musulmonlar nazarida, muvaffaqiyatli bo'lgan.

"Iroq xalqi Saddam Husayn paytida hayotdan umidini uzgan edi. Hozir vaziyat o'zgardi", - deydi kitob do'koni egasi Dia Saadavi.

Biroq boshqalar Iroq kelajagidan xavotirda, garchi AQShning ba'zi askarlari mamlakatni tark etgan bo'lsa ham.

Restoran boshqaruvchisi Muhammad Abu Obidning aytishicha, Iroq butunlay barbod bo'lgan.

"Uni tiklashga ko'p vaqt kerak", - deydi u.

Amerikalik musulmon faollar Misrdagi siyosiy jarayonlarni ham tahlil qildi. Obama ma'muriyati o'tgan oy mamlakatda o'tgan parlament saylovlari erkin bo'lmagan deya tanqid qilgan, biroq talaba Ahmad al-Sava Amerika Yaqin Sharqda demokratik jarayonlarga jiddiy yondashmayapti, degan fikrda.

"Misr prezidenti hokimiyatni o'g'liga topshirish arafasida ekan, agar bu AQSh strategik manfaatiga to'g'ri kelsa, bu holga hech ham qarshi bo'lmaydi", - deydi u.

Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, Husni Muborak o'g'li Jamolni o'zidan so'ng prezidentlikka tayyorlamoqda.

AQShning Yamandagi sobiq elchisi Stiven Sechning tan olishicha, Amerikaning Yaqin Sharq siyosatida strategik manfaatlar muhim rol o'ynaydi. Biroq shu bilan birga mintaqa xalqlari xohish-irodasini inkor etmaslik kerak, deydi u.

"Odamlarni har kuni qiynayotgan masalalar ham diqqat e'tiborimizdan chetda qolmasligini aniq bildirib, bu muammolarga birgalikda yechim topish kerakligiga urg'u berishimiz lozim", - deydi sobiq rasmiy.

Vashingtonda o'tgan uchrashuv ishtirokchilari floridalik ruhoniyning Qur'on kitoblarini yoqish harakati hamda Nyu-Yorkda taklif etilgan islomiy madaniy markaz qurilishiga nisbatan norozilik namoyishlarini ham elchi Sech bilan muhokama qildi.

"Mana shu voqealardan so'ng arab dunyosi Amerika musulmonlarga, islomga qarshi degan xayolga bordi", - deydi arab-amerikalik faol Xolid Saffuri.

Bu kabi xavotirlar va AQShning Yaqin Sharqdagi siyosatiga nisbatan ishonchsizlikka qaramay, arab-amerikaliklar 2011-yilda Amerikaning arab va musulmon dunyosi bilan munosabatlari yaxshilanadi degan umidda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG