Breaking News

Tahlilchilar: AQShning jihodchilarga qarshi strategiyasi xom


Ukrainadan tortib Iroqqacha dunyoda mojarolar ketma-ket alanga olayapti, ularni hal qilish uchun Barak Obamaga qat’iyat yetishmaydi degan tanqid kuchli.

Tahlilchilar: AQShning jihodchilarga qarshi strategiyasi xom/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:04 0:00
Yuklab oling

AQSh dron va samolyotlari shu kungacha Iroq shimolini bosib olgan jangarilarga qarshi 150 dan ziyod hujumlar uyushtirdi. Operatsiya ko’lami cheklangan bo’lib, “Islomiy davlat” guruhining yetakchilarini nishonga olish to’g’risida buyruq olmaganmiz, deydi harbiylar.

Mudofaa vaziri Chak Xeyglning ta’kidlashicha, Iroqda ishlayotgan amerikaliklarni, diplomatlarni hamda muhim obyektlarni himoya qilish asosiy maqsaddir. Harbiylarga aniq ko’rsatma berilgan.

Tashqi aloqalar kengashidan Stiven Biddl fikricha, bunaqada operatsiya uzoqqa cho’ziladi.

“Katta minbarlardan balandparvoz gaplar yangrayapti, lekin ajratilgan resurslar yetarli emas. Jiddiy, yaxlit strategiya kerak”, - deydi u.

Ammo Obama ma’muriyati Iroqqa piyoda qo’shin yuborilmasligini boshidan aytib kelmoqda.

“Muammoni Iroq hukumati, bu xalqning o’zi hal qilishi kerak. Biz yordam berayapmiz”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest.

“Islomiy davlat” guruhiga qarshi xalqaro koalitsiya tuzish ishlari avjida. Mudofaa vaziri Chak Xeygl dunyoni aylanib, mavzuni ittifoqchilar bilan muhokama qilgan. Lekin hatto Turkiya singari yaqin hamkorlar ham ikkilanib turibdi.

Hozircha jang maydonida faqat Iroq va Kurdiston askarlarini ko’rish mumkin. Kam sonli amerikalik zobitlar va maslahatchilar ularga tayanch.

Armiya sobiq polkovnigi Jeff Makosland izohicha, Iroqqa yuborilgan askarlar soni hozir qariyb mingga yetdi. Ular diplomatik idoralar xavfsizligini ta’minlash bilan birga AQShdan mahalliy kuchlarga qanday yordam kerakligini o’rganyapti.

Stiven Biddl singari ekspertlar nazarida esa bu chuqur o’ylanmagan strategiya.

“Qo’shma Shtatlar jang maydonida ko’rinmoqchi emas, bu vazifani mahalliy armiyalar bajarsin deyapmiz. Bu davlatlar o’zi siyosiy inqirozlarga botgani, hukumatlar layoqatsiz ekani muammoning o’zagi axir”, - deydi tahlilchi.

Stiven Biddlga ko’ra, Iroq armiyasi siyosatdan xoli bo’lsagina, tashqi tahdidlarga qarshi samarali kurashishi mumkin. Bu esa AQSh harbiylari olib borayotgan malaka oshirish dasturlariga emas balki Iroqning yangi hukumati qanchalik kuchli ekaniga bog’liq.

Prezident Obamaning yondashuvini himoya qilib chiqayotganlar ham bor.

Siyosatshunos Ken Sofer deydiki, Obama shoshmasdan, barcha tomonlarning maslahatini olmasdan qarorlar qilmasligi aslida nuqson emas, bu uning kuchli jihati.

“Prezident tashqi siyosiy mojarolarga Amerika manfaatlari nuqtai nazaridan qaraydi, bizga bu qanchalik tahdid soladi degan savolni birinchi o’ringa qo’yadi”.

Brukings institutidan yana bir ekspert Maykl Oxanlon tahlilicha, Obama Amerikaning o’rnini bosa oladigan biror mamlakat maydonga chiqadimi, deb kutgan paytlar ham bo’ldi. “Bugunga kelib ayonki, hech bir davlat yetakchilik rolini o’z zimmasiga olishga tayyor emas”, - deydi Oxanlon.

Uning fikricha, tashqi siyosat bobida yondashuvni o’zgartirishga hali ham vaqt bor. Kezi kelganda boshqalarga tayanib o’tirmasdan qat’iyat va ishonch bilan yakka harakat qilishga asoslangan yondashuv, deydi mutaxassis.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG