Breaking News

Kongress yana "Islomiy davlat" muhokamasiga qaytishi mumkin


Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat" jangari guruhiga havodan zarba berishda davom etar ekan, AQSh Kongressi Vakillar palatasidagi respublikachilar yetakchisi Jon Beyner qonunchilarni yig'ib, guruhga qarshi olib borilayotgan harbiy amaliyotni qayta ko'rib chiqish masalasini muhokamaga qo'ymoqchi. Kongress a'zolari ayni paytda kuzgi ta'tilda.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurash, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00
Yuklab oling

Har kuni Iroq va Suriyadagi jangarilar makonlari havodan o'qqa tutilmoqda. Ammo Vashington odatdagidan ko'ra ancha sokin. Qonunchilar noyabrda bo'ladigan saylovlarga tayyorgarlik ko'rish uchun mamlakat bo'ylab safarlarda yuribdi.

Vakillar palatasi Spikeri Jon Beyner bundan rozi emas.

"Men Kongressni ishga qaytaraman", - deydi u.

Uning aytishicha, Prezident Barak Obama "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi harbiy zarbalarni tashkillashtirish huquqiga ega, ammo buning uchun, avvalo, Kongressdan kengroq vakolat olishi kerak.

"Prezident hali bunday qilmadi. U rezolyutsiyalar orqali hammasini bir o'zim qila olaman, deb o'ylayapti. To'g'ri, bunga uning haqqi bor. Ammo mening taklifim shuki, Kongress buni ko'rib chiqishi kerak", - deydi Beyner.

Senatdagi Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi demokrat Robert Menendez ham shunga yaqin fikr bildirgan edi.

"Iroq va Suriyadagi vaqtinchalik havo hujumlarini uyushtirish oliy bosh qo'mondon sifatida prezident vakolatiga kiradi. Ammo harbiy kampaniya uzoq vaqt davom etadigan bo'lsa, maxsus "Islomiy davlat" uchun harbiy kuch ishlatish bo'yicha Kongressdan ruxsat olinishi kerak", - deydi u.

Qonunchilar yaqinda shunga aloqador bir qonunni qabul qildi. Suriyadagi jangarilarga muxolif bo'lgan guruhlarni qurollantirish va tayyorgarlikdan o'tkazish bo'yicha Obama ma'muriyatining taklifi ma'qullandi.

"Qonunni qabul qiling. Shunday qilishingizni juda xohlaymiz. Lekin mamlakatni himoya qilishimiz lozim bo'lgan bir pallada o'z vakolatimizni amalga oshira olmasdan o'rtada sarson bo'lib qolishni istamaymiz", - degan edi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

Prezidentdan rasmiy iltimos tushmaguncha, Kongressning noyabr saylovlari tugamasdan burun yig'ilishi amri mahol. Bu orada esa jangarilarga qarshi havo hujumlari davom etmoqda.

"Fransiya bilan birgalikda Iroq armiyasini qo'llab-quvvatlab, Iroqda "Islomiy davlat"ga 200 dan ortiq havodan zarba berdik. Arab hamkorlarimiz bilan esa Suriyada 43 havo hujumini amalga oshirdik", - dedi Mudofaa vaziri Chak Xeygl.

Xeyglning aytishicha, "Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiyaga qo'shilish istagida bo'lgan NATO davlatlari soni ham ortib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG