AQSh Iroq va Suriyaga katta qo'shin jo'natmaydi, Kongressda muhokama

  • Amerika Ovozi

Obama ma'muriyati "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi harbiy bosimni kuchaytirayotganini aytadi, ammo Iroq va Suriyaga ko'proq AQSh askarlarini jo'natish fikriga qarshi. AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning Senatga bergan hisobotida ham shu mavzuda gap ketdi.

Parij va Kaliforniyada terror xurujlari sodir etilganiga qaramay, "Islomiy davlat"ga qarshi piyoda qo'shinlarni jo'natish xato bo'ladi; dushman aslida shuni kutib turibdi, deydi Mudofaa vaziri Eshton Karter.

"Suriya va Iroqdagi ixtilofni Amerikaga bog'lash IShID bilan kurashayotgan kuchlarni ham bizga qarshi qilib qo'yishi mumkin", - deydi u.

Senat qo'mitasi raisiga bu gap yoqmadi.

"IShIDning yurtimizga tahdidi aniq va u oshib boryapti. Biz g'alaba qozonayotganimiz yo'q, vaqtdan boy beryapmiz", - deydi senator Jon Makkeyn.

Karterga ko'ra, maxsus kuchlar va havo kampaniyalari orqali AQSh jangari guruhga qarshi kurashni kuchaytirmoqda. Piyoda askarlarni mintaqadagi hamkorlar ajratsin, deydi demokrat senator Jek Rid.

"Hududga katta sonda AQSh askarlarini tashlash IShIDning propaganda urushi uchun ayni muddao bo'lishi mumkin", - deydi u.

Yaqinda respublikachi nomzodlardan biri Ted Kruz "IShID" joylashgan hududni yoppasiga bombalashni taklif qilgan edi.

"IShID o'rnashib olgan hududlarni yoppasiga bombalasak, qancha ayol yoki bola nobud bo'ladi? Boy beriladigan insonlar hayoti haqida o'ylab ko'rdikmi?" - deydi demokrat senator Kleyr Makkaskil.

Pentagonga ko'ra, bunday kurash usuliga qo'l urilmaydi.

"G'arb bilan oxirzamon urushi ketayotganiga ishonadigan bu guruhning maqsadi biz bilan to'qnashish. Ularning bu qarashiga xizmat qiladigan har qanday narsa milliy xavfsizligimizga zid", - deydi general Pol Selva.

Ted Kruz o'z qarashlaridan voz kechgani yo'q. U Obama ma'muriyatini IShIDga qarshi kurashda o'z vazifasini bajarmayotganlikda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG