Obama: "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirayapmiz

  • Amerika Ovozi

Pentagon, 14-dekabr, 2015

Pentagon, 14-dekabr, 2015

AQSh rahbari Pentagonda Milliy xavfsizlik kengashi yig'inini o'tkazdi. Unda "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash muhokama qilindi.

Obama yig'indan keyin jurnalistlarga aytishicha, xalqaro koalitsiya havo hujumlari ko'lamini kengaytirmoqda.

"Terrorchi guruhni yakson qilish uchun global koalitsiyaga yetakchilik qilishni davom ettiramiz, - dedi Obama. - Kampaniya boshlangandan beri eng ko'p bombani IShID ustiga noyabrda tashladik".

AQSh rahbari deydiki, terrorchi guruh yetakchilari birma-bir o'ldirilmoqda.

Shu hafta juma kuni Nyu-Yorkda diplomatlar, xususan, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Suriya bo'yicha maxsus elchi Staffen de Mistura ishtirokida o'tishi mo'ljallangan xalqaro anjumanda ham terrorchi guruhga qarshi kurashni kuchaytirish hamda Suriyadagi mojaroga siyosiy yechim topish masalasi muhokama qilinadi. O'tgan oy Venada erishilgan kelishuv bo'yicha, tomonlar 1-yanvargacha Suriyada tinchlik muloqotini boshlashni umid qilmoqda.

2014-yil BMT tashabbusi bilan boshlangan muloqot samara bermagan.

Suriyada 2011-yil mart oyida boshlangan qurolli to'qnashuvlar fuqarolar urushiga aylanib, shu paytgacha 240 mingdan ortiq odamning yostig'ini quritdi. 11 milliondan ortiq aholi o'z uyini tashlab qochgan. Yevropa davlatlari II Jahon urushidan beri eng katta qochqinlar oqimi bilan yuzlashmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Moskvaga safar qilib, Suriya mojarosi va "Islomiy davlat"ga qarshi kurash masalasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ham muzokara o'tkazadi.

Bu orada AQShning xorijdagi vakolatxonalarida xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. AQShning Turkiyadagi elchixonasi xavfsizlikka tahdid mavjudligi bois dushanba va seshanba kunlari jamoatchilikka xizmat ko'rsatmasligini ma'lum qildi. Shu munosabat bilan chiqarilgan bayonotda AQSh fuqarolaridan bu kunlarda elchixona binosiga yaqinlashmaslik so'ralgan.

O'tgan hafta Istanbuldagi konsullikda ham xavfsizlik choralari kuchaytirilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG