Iroq armiyasidagi "Islomiy davlat" josuslari

  • Amerika Ovozi

Iroq askarlari

Iroq askarlari

"Islomiy davlat" to'dasining josuslari Iroq armiyasiga kirib olib Amerika harbiy bazasiga doir ma'lumotni o'margan. Natijada Iroq shimolidagi bu baza o'tgan oy hujumga uchrab, bir amerikalik jon bergan.

Askarlar orasida "Islomiy davlat"ning odamlari bor ekaniga shubha yo'q, deydi kurd generali Sirvan Barzaniy. Hozir bu voqeani tergov qilayapmiz, deydi u.

Mosul yaqinidagi baza 2014-yilda, Amerika harbiylari Iroqqa qaytishga majbur bo'lganidan so'ng ochilgan. Inshoot o'tgan oy o'qqa tutildi. Shu paytgacha baza borligini Pentagon sir tutib kelayotgan edi.

Mart o'rtalaridagi hamlada amerikalik serjant Luis Kardin jon berib, AQShning yana bir necha harbiysi jarohatlangan.

Amerika polkovnigi Stiv Vorrenning aytishicha, Pentagon baza haqida e'lon qilmaganiga sabab, inshoot hali to'liq ishga tushmagan edi. Vorren kurd tomonining "Islomiy davlat" josuslari haqidagi bayonotiga izoh bermadi.

Josuslar yangilik emas

Iroq generali Najim Abdulla al-Juboriy esa josuslar haqidagi gaplar asossiz, deydi. "Buni isbotlovchi dalillar yo'q va bu haqda gapirib o'tirmayman", - deydi u.

Kurd rasmiylari va Iroq mutasaddilari o'rtasidagi aloqalar murakkab bo'lib kelgan. Kurd tomoni shimol Bag'doddan butunlay mustaqil bo'lishini xohlaydi. Shu bois shimoliy viloyatlarda "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurash g'oyat qaltis mavzu hisoblanadi va Iroq hamda kurd harbiylari bu yo'lda faqat zarurat tug'ilganda, cheklangan tartibda hamkorlik qiladi.

Iroqlik qonunchi, parlamentda xavfsizlik va mudofaa qo'mitalarini boshqaradigan Shaxavan Abdullaning aytishicha, Bag'dod aslida "Islomiy davlat" jangarilari Iroq armiyasiga kirib olganidan xavotirda.

"Bu yangilik emas", - deydi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. "Jangarilar avvalroq qurolli kuchlar safiga kirib olib xurujlar sodir etganini bilamiz".

Abdullaning aytishicha, yanvarda Iroqdagi Amerika sobiq harbiy bazasiga qilingan hujum ham "Islomiy davlat" josuslarining ishi edi. O'shanda iroqlik 12 askar nobud bo'ldi. Voqeadan keyin Iroq mudofaa vazirligi bir necha askarni hibsga olib, umrbod qamoqqa tashlagan.

"Islomiy davlat" mafkurani ishga solmoqda

Kurd qo'mondoni Najot Ali so'zlariga ko'ra, jangarilar Iroq askarlarining e'tiqodi, ongiga ta'sir qilishga urinmoqda. Ularning ishonchini qozonib, maxfiy ma'lumotni sug'urib olmoqda.

"Iroq qurolli kuchlarida otasi, akasi yoki tog'asi ekstremist to'daga kirib qolgan harbiylar bor. Ularni kuzatib yuribmiz", - deydi Ali.

Armiyada odami bo'lmasa, jangarilar Amerika bazasi haqida qayoqdan bilsin, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG