Dunyo "Islomiy davlat"ni tor-mor qilish yo'lida birlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr, Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy, AQSh bosh diplomati Reks Tillerson, Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Juli Bishop "Islomiy davlat"ni mag'lub etishni maqsad qilgan guruhlar anjumanida. Vashington, 23-mart, 2017-yil.

Amerika Davlat kotibi Reks Tillerson shu hafta Vashingtonda "Islomiy davlat" radikal to'dasini mag'lub etishni maqsad qilgan davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan ko'rishdi. Jangari guruhni yengishning samarali yo'llari muhokama qilindi.

Amerika bosh diplomati payshanba kuni Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirini qabul qildi.

Vazir Odil al-Jubayr Vashingtonda chorshanba kuni o'tgan anjumanni muvaffaqiyatli deya ta'riflamoqda. Zolim to'dani yo'q qilish qarorida qat'iy ekanimizga ishonch hosil qildik, deydi u. Koalitsiyani yanada kengaytirish va kurashga zo'r berishning yo'llarini izlayapmiz, deydi Saudiya Arabistoni rasmiysi.

Tillerson "Islomiy davlat"ni butunlay yo'q qilishga undamoqda.

Bu borada xalqaro hamjamiyatning niyati yakdil, deydi u.

Davlat departamenti matbuot kotibi Mark Tonerning aytishicha, davlatlar bir yoqadan bosh chiqarishi muhim. Chunki jangarilar bir yerda mag'lubiyatga uchrasa, tezda boshqa, beqaror mintaqaga borib o'rnashmoqda.

"Liviya, Afg'oniston yoki boshqa notinch nuqtalarga chuqurroq kirib bormoqchi ular. Jangarilarni internetda ham jadal yo'q qilish zarur, zero ular onlayn tarzda odam yollamoqda", - deydi Toner.

Uning so'zlariga qaraganda, "Islomiy davlat" u yoki bu davlatdagi mahalliy jangari guruhlarni o'ziga og'dirib, safiga tortayapti, xususan, Pokiston va Afg'onistondagi toliblarni. Shunday ekan, Vashington Pokiston hukumatini qo'shni Afg'onistondan terrorchilarga panoh bermaslikka bot-bot da'vat etib keladi.

AQShning maqsadi, deya eslatadi Tillerson, "Islomiy davlat" guruhini tort-mor qilish, moliya manbalari, odam yollash kanallarini uzib, onlayn muloqotdan butkul ayirishdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG